Asilbek Anvarovich Xudayarov Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbasi ma’lum qildi.

Bu haqdagi qaror bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokidagi “tanqidiy ruhda” o‘tgan yig‘ilishda e’lon qilindi, deya ta’kidladi manba.

Asilbek Xudayarov 2023-yil oktabr oyi so‘ngidan buyon ishlab kelayotgan Prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlantirish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimini ham saqlab qoldi. Ya’ni, unda ikkita lavozim bor: PA Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari va sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi.

Bungacha u Prezident administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i, ungacha — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2022-yil dekabr oyining so‘ngidan buyon sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida hozirda mehnat ta’tilida bo‘lgan Amrillo Shodiyevich Inoyatov ishlab kelayotgan edi.

Amrillo Inoyatov. Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.Amrillo Inoyatov. Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.