Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent kadetlar korpusining sobiq bosmaxonasi binosi bo‘lgan Toshkent tibbiyot akademiyasi (eski ToshMI) binosi buzilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Qayd etilishicha, tibbiyot xodimlaridan zudlik bilan binoni tark etib, Kichik halqa yo‘li bo‘yidagi yangi binoga ko‘chib o‘tishlari so‘ralgan.

madaniy meros, madaniy meros agentligi, тошми

Madaniy meros agentligi matbuot xizmati holat bo‘yicha munosabat bildirarkan, XIX asrda qurilgan bino buzilishi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Agentlikning qayd etishicha, bino 2019-yilda hukumat tomonidan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. U davlat mulki bo‘lib, Tibbiyot akademiyasi tomonidan operativ boshqaruv muassasasi sifatida foydalaniladi.

madaniy meros, madaniy meros agentligi, тошми

Binoda hech qanday qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmayapti, deyiladi agentlik xabarida. Shu bilan birga, unda aytilishicha, tibbiyot maskani ma’muriyatiga binoda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish uchun agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining tegishli ruxsatnomasi asosida va loyiha-smetalarini taqdim etgan holda ish boshlash kerakligi alohida tushuntirilgan.

“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, moddiy madaniy meros obyektining mulkdori (bu o‘rinda davlat) o‘ziga qarashli bo‘lgan moddiy madaniy meros obyekti yo‘qotilsa, uning o‘rni to‘ldirib bo‘linmasligini hamda uning tarixiy, madaniy yoki ilmiy ahamiyatini hisobga olgan holda, uni saqlab turish vazifasini zimmasiga oladi. obyektlar davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emas.

madaniy meros, madaniy meros agentligi, тошми

Agentlik bu kabi holatlarga jamoatchilikning befarq emasligi hamda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval eski ToshMI hududida sobiq saraton bo‘limi binosi — XX asr boshlarida qurilgan ikki qavatli bino buzib tashlangandi. XX asr boshida qurilgan g‘ishtin binoda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aleksandr Soljenitsinning “Saraton bo‘limi” romani voqealari bo‘lib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, eski ToshMI hududida, yuqoridagi ro‘yxatga ko‘ra, XIX asrga oid beshta me’moriy yodgorlik mavjud. Sobiq saraton binosi ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.