Andijonda mast holatda mashina haydagan haydovchi YTH sodir etdi, oqibatda ikki kishi jabrlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

3-yanvar kuni tarmoqlarda katta tezlikda harakatlanayotgan avtomobil yo‘l chetida to‘xtab qolgan mashinaga urilgani aks etgan video tarqaldi.

Jarohatlanganlardan biri IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi xodimi, ikkinchisi esa yana bir haydovchi bo‘lgan. Bosh prokuratura matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, IIB vakilining oyog‘ida, haydovchining esa qovurg‘a va boldir suyagida yopiq sinish jarohati aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. YTH sodir etgan haydovchi protsessual tartibda qo‘lga olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.