2021-yilda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish maqsadida MCHJ shaklida tashkil etilgan IT-Med davlat muassasasi tugatilmoqda. Bu prezidentning 28-dekabrdagi sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

IT-Med Raqamli sog‘liqni saqlash platformasini tayyorlashi kutilgan edi. 2024-yil 1-yanvardan O‘zbekistondagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, jumladan, dorixonalar majburiy tartibda portalga ulanishni boshlashi kerak edi. Bu mexanizm majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish maqsadida ishlab chiqilgandi.

Endilikda yangi qaror bilan tugatilayotgan IT-Med`ning vazifa va funksiyalari UZINFOCOM Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratoriga topshirildi. IT-Med`ning amaldagi loyihalari bo‘yicha huquq va majburiyatlari ham to‘liq unga o‘tadi.

Shu munosabat bilan UZINFOCOM yagona integratoriga qo‘shimcha vazifalar yuklangan:

  • xalqaro tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimida biznes jarayonlarini raqamlashtirish orqali optimallashtirish va soddalashtirish;
  • “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlarini yagona kompleksini joriy etish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;
  • tibbiyot va farmatsevtika sohasida raqamli texnologiyalar hamda kommunikatsiyalar siyosati va standartlarini joriy etish;
  • sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot tizimlarini rivojlantirish, xorijiy moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini, konsepsiyalarini ishlab chiqish.

Davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish uchun mablag‘ ajratish davom ettiriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, hozirda Raqamli sog‘liqni saqlash platformasini ishlab chiqish davom etmoqda, buning uchun mablag‘ Germaniyaning KfW banki tomonidan ajratilgan. Loyihaning umumiy qiymati — 58,2 million yevro, KfW shundan 45 millionini kredit, yana 5,5 millionini grant ko‘rinishida taqdim etgan, hukumat ishtiroki esa 7,7 million yevroni tashkil etadi.

Avval belgilanganidek, O‘zbekistondagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, jumladan, dorixonalar ham Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga majburiy tartibda ulanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 2025-yil 1-yanvardan boshlab raqamli sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va saqlab turish maqsadida platformada qayd etilgan har bir sug‘urta va boshqa holatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni ishlash va qayta ishlash uchun yagona integratorga Davlat tibbiyot sug‘urtasi jamg‘armasidan davlat tibbiyot muassasalariga to‘lanadigan mablag‘ning 0,3 foizi miqdorida komissiya to‘lovi ajratiladi.

Farmonda sog‘liqni saqlash axborot tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish muddatlari belgilangan:

  • Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari axborot tizimi — 2025-yil fevral;
  • Elektron shifoxona” axborot tizimi — 2025-yil fevral;
  • Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyatini avtomatlashtirish — 2025-yil sentabr;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligining mobil ilovasini takomillashtirish — 2024−2025-yillarda;
  • Elektron retsept” tizimi: retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalari ro‘yxati hamda davlat va xususiy dorixonalarni ushbu tizimga ulash tartiblarini tasdiqlash — 2024-yil iyun, ushbu tizimni dorixonalarda joriy etish — bosqichma-bosqich 2024−2025-yillarda;
  • Ftiziatriya kasalliklarining yagona elektron reyestri — 2024-yil dekabr;
  • Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritishga mo‘ljallangan “Cancer-reyestr” axborot tizimi: tizimni ishlab chiqish — 2024-yil oktabr, tizimni ishga tushirish — 2024−2025-yillar davomida;
  • “Laboratoriya” axborot tizimi — 2024−2025-yillar davomida;
  • Tibbiyot xodimlarini kompyuter savodxonligi va axborot tizimlari bilan ishlashga o‘qitish — 2024-yil noyabr;
  • Ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimi — 2024-yil sentabr;
  • Nefrologik kasalliklarga chalingan bemorlar reyestri va gemodializ uchun sarflov materiallari monitoringi yuritiladigan axborot tizimi — 2024-yil dekabr;
  • Mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalar reyestri va sarflov materiallari monitoringi axborot tizimi — 2024-yil dekabr;
  • Buyrak va jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiya qilingan bemorlar reyestri va sarflov materiallari monitoringi axborot tizimi — 2024-yil dekabr;
  • Yagona portalda dori vositalari va ularning analoglari to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati — 2024-yil iyul.