2023-yil dekabr oyida O‘zbekistonda 1,24 foizli inflyatsiya qayd etildi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida ma’lumot berilgan.

Ko‘rsatkich 2022-yil dekabriga nisbatan biroz yuqori, lekin o‘tgan yillardagi raqamlardan past (2022-yil dekabrda 1,23 foiz, 2021-yil 1,26 foiz, 2020-yil 1,55 foiz, 2019-yil 1,69 foiz).

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oyda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1,3 foizga (besh yil ichidagi minimum), nooziq-ovqat mahsulotlari esa 1 foizga, xizmatlar 1,5 foizga qimmatlagan (avvalgi besh yildagiga nisbatan ko‘proq).

inflyatsiya, статистика, статистика agentligi

2023-yilda (yanvar-dekabr uchun) inflyatsiya 8,77 foizgacha tushdi — bu 2016-yildan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi (5,7 foiz). Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 9,7 foizga (besh yil ichidagi minimum), nooziq-ovqat mahsulotlari 7,7 foizga, xizmatlar esa 8,7 foizga qimmatladi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida deyarli barcha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari arzonlagan. Narxlarning uzoq davom etgan o‘sishidan so‘ng tuxum o‘rtacha 0,3 foizga (oktabrda +10,5 foiz, noyabrda +2,9 foiz), shakar 0,8 foizga, kungaboqar yog‘i 1,2 foizga, bug‘doy uni 0,1 foizga, guruch va guruch oqshog‘i 0,4 foizga, mol go‘shti 0,2 foizga, qo‘y go‘shti 0,3 foizga arzonladi. Sut narxi 0,4 foizga oshdi.

Shu bilan birga, yil davomida guruch 38,7 foizga, mol va qo‘y go‘shti 9,3 foizga, sut 13,3 foizga, tuxum 11,7 foizga, shakar 11 foizga qimmatlagan. Un narxi 1,1 foizga, yog‘ narxi esa 17,8 foizga pasaygan.

Sabzavot va mevalardan o‘tgan oyda eng ko‘p baqlajon (63,2 foizga), pomidor (59 foizga), bulg‘or qalampiri (58,2 foizga), bodring (50,7 foizga), anor (17,1 foizga), kartoshka (1,3 foizga) qimmatlagan.

Banan 3,4 foizga, piyoz 3,6 foizga, sabzi 6,5 foizga, limon 6,6 foizga, karam 6,7 foizga, mandarin 21,9 foizga arzonlagan.

Yil davomida anor 3 barobar, limon 2,3 barobar, pomidor 1,4 barobar, banan 12,7 foiz, mandarin 10,9 foiz, bodring va karam 6,7 foiz qimmatlagan. Kartoshka 14,7 foizga, sabzi 15,5 foizga, piyoz 40,7 foizga, bulg‘or qalampiri 43,2 foizga, baqlajon 44,3 foizga arzonlagan.

Spirtli ichimliklar narxi oy davomida 0,8 foizga (yil davomida 9,6 foizga), tamaki mahsulotlari narxi esa 1,4 foizga (12,4 foizga) oshdi.

Oy davomida kiyim-kechak narxi o‘rtacha 1,4 foizga (6,3 foizga), poyabzallar narxi esa 1,5 foizga (5,9 foiz) qimmatladi.

O‘tgan davrda kengashlar qarori bilan Toshkent shahrida, shuningdek, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida sovuq suv ta’minoti hamda kanalizatsiya xizmatlari tariflari oshirilishi tasdiqlangandi. Aholining umumiy iste’mol xarajatlari tarkibida ushbu hududlarning ulushini hisobga olgan holda sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya uchun inflyatsiya oy davomida respublika bo‘yicha o‘rtacha 18,1 foizga yetdi. Umuman olganda, yil davomida O‘zbekistonda suv va kanalizatsiya narxlari o‘rtacha 65 foizga oshgan.

2022-yildagi sezilarli o‘sishdan so‘ng 2023-yilda uy-joy ijarasi atigi 7,4 foizga (dekabr oyida 2,5 foizga) oshdi.

2023-yil dekabr oyida barcha hududlarda benzin qimmatladi. Narxlar 1,3−7,1 foizga, yil davomida esa 19,1 foizga oshdi. Dekabr oyida ham (5,1 foiz) ham, butun yil davomida ham (29,4 foiz) propan benzinga nisbatan sezilarli darajada qimmatladi. Metan narxi, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida o‘zgarmagan, biroq yil davomida ular 22,4 foizga oshgan.

Taksi xizmatlari oy davomida 1,7 foizga (yil davomida 13,2 foizga), temiryo‘l transporti 0,8 foizga (32,4 foiz), aviareyslar 2,3 foizga (20,7 foiz) qimmatladi.

Yonilg‘i narxining oshishi fonida yuk tashish xizmatlari narxlari ham o‘sdi — 0,8 foiz (11,6 foiz).

O‘tgan yil davomida tayyor ovqatlar kafelarda 19,3 foizga, oshxonalarda 20,2 foizga qimmatlagan. Mehmonxona xizmatlari 17,8 foizga, dam olish markazlari xizmatlari 26,3 foizga qimmatladi.

Yillik hisobda pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlar narxi 9,8 foizga, ilovalar orqali pul o‘tkazmalari 7 foizga, bank xizmatlari esa 7,9 foizga oshganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.