Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi hokimlikning shahar reytingini baholash uchun Fitch xalqaro reyting agentligini jalb etish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi. Bu haqdagi kengash qarori 29-dekabr kuni tasdiqlandi.

O‘zbekiston poytaxti birinchi marta 2019-yil iyun oyida Fitch reytingini olgan. Agentlik taqdim etgan kredit reytingi va hisobot shaharning moliyaviy salomatligi va kreditga layoqatliligi haqida muhim ma’lumot manbasi bo‘lgan.

2023-yilning dekabr oyi boshida agentlik Toshkentning “barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasida bo‘lgan xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytinglari qaytarib olinishini e’lon qildi. Bu qaror Toshkentning “reyting jarayonida ishtirok etishni to‘xtatishga qaror qilgani” sababli qabul qilindi.

“Endilikda agentlikda asosiy kredit omillarini, shu jumladan, soliq-budjet va qarzni boshqarish siyosatini tekshirish uchun yetarli ma’lumotlar mavjud emas”. Shu sababli moliya instituti bundan buyon O‘zbekiston poytaxti bo‘yicha reyting va tahliliy hisobotlarni taqdim etmaydi, deya qayd etgandi agentlik.

Kengash Toshkent shahri hokimligining reyting jarayonida ishtirok etishni tiklash haqidagi taklifini ma’qullab, Fitch Ratings agentligi bilan shartnoma tuzish va buning uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalaridan mablag‘ ajratish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Kengash, shuningdek, reyting agentligi bilan hamkorlikda ish olib boruvchi va shaharning xalqaro reytingdagi o‘rnini aniqlashda zarur ma’lumotlarni taqdim etuvchi ishchi guruh tarkibini ham tasdiqladi. “Aniq va ishonchli” ma’lumotlar agentlik so‘roviga asosan besh kun ichida, “o‘z vaqtida va sifatli” taqdim etilishi kerak.

Fitch 2022-yil dekabr oyidagi so‘nggi hisobotida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan soliq-budjet islohotlari fonida poytaxt daromadlari barqarorligini “zaifroq” va “beqaror” deb baholagan. Toshkent shahri tomonidan yig‘iladigan soliq tushumlari tarkibi va ularni turli darajadagi davlat organlari o‘rtasida taqsimlash markaziy hokimiyat qarorlariga ko‘ra doimiy ravishda o‘zgarib turadi, deya qayd etgan agentlik.