Namanganda Mersedes-Benz haydovchisi o‘zi yo‘l harakati qoidalarini qanday buzganini Instagram`da jonli efirda tasvirga oldi. U javobgarlikka tortilgani haqida IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

1-yanvar kuni soat 03:00 larda 2000-yilda tug‘ilgan yigit haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda avtomobildan davlat raqamini yechib olib, Namangan shahri Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab telefonda gaplashib, 145 km/soat tezlikda va taqiqlangan manyovrlarni amalga oshirib harakatlandi.

“Hech kim yo‘q, siz xohlaganingizcha tezlashishingiz mumkin, ha, shunday”, — deydi u videoda.

Mashina jarima maydonchasiga qo‘yilgandan so‘ng, yigit mashinani sinovdan o‘tkazish uchun boshqa odamdan uch kunga olib turganini aytdi.

“Bu men uchun ham, atrofimdagilar uchun ham juda xavfli ekan. Men o‘zim uchun yetarli xulosalar chiqardim. O‘zbekiston xalqidan va Namangan xalqidan alohida uzr so‘rayman. Bu boshqa takrorlanmaydi. Xudo xohlasa, bundan buyon bunday huquqbuzarliklar bo‘lmaydi”, — dedi u.

Haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilgan:

  • 126-modda (Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish);
  • 128−1 (Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi);
  • 128−4 (Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi);
  • 128−5 (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi);
  • 125-moddaning 5-qismi (Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish);
  • 135-modda (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi).