29-dekabr kuni O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulligi diplomatlari ko‘magida ushbu shaharda noma’lum jinoiy to‘da tomonidan garovda ushlab turilgan o‘zbekistonlik erkak qutqarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari orqali yo‘llangan murojaatga ko‘ra, fuqaro J.T. bir guruh shaxslar tomonidan Dubay shahridagi noma’lum manzilda majburiy tarzda ushlab turilgan.

Undan jami 200 ming dollar pul talab qilingan. Ushbu mablag‘lar aytilgan vaqtda va manzilga keltirilmagan taqdirda J.T.ning joniga qasd qilish bilan qo‘rqitib kelingan.

Bosh konsulxona xodimlari va Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan birgalikda amalga oshirilgan tadbir natijasida J.T. ushlab turilgan manzil aniqlangan va ozodlikka chiqarilgan.

Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruh a’zolarining aksariyati BAA huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan ushlangan va ularga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.