“Gazeta.uz” 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati uzaytiriladi.

Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi farmoni bilan fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.


2. Ma’muriy sudlarda davlat boji ishni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra aybdor tarafdan undiriladi.

Prezidentning 2023-yil 8-maydagi farmoni bilan ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlardan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.


3. Bir necha shaharlarda yo‘lovchilarni tashish brutto-shartnoma asosida tashkil qilinadi.

Prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi qarori bilan Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi ishga tushiriladi.


4. Pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinganlar kasbiy sertifikatlanadi.

Prezidentning 2023-yil 26-maydagi farmoni bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik kasblariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan talabgorlarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Bunda:

  • 2023/2024 o‘quv yilidan pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi;
  • stajyor-o‘qituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llanadi.

Shuningdek, davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda — pedagogik mahorati baholanadi.


5. Maktab direktorlari har 5 yilda kasbiy sertifikatlanadi.

Prezidentning 2023-yil 26-maydagi farmoni bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini har 5 yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etiladi.


6. Garov bilan ta’minlangan talablarni qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtiriladi.

Prezidentning 2023-yil 29-apreldagi farmoni bilan:

  • to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;
  • garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion obyekti boshlang‘ich narxining 80 foizi miqdorida belgilash joriy etiladi.

Bunda mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25 foiz past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi.


7. Uy sharoitida daraxt ko‘chatlarini yetishtirish o‘zini o‘zi band qilish hisoblanadi.

Prezidentning 2023-yil 31-maydagi farmoni bilan uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.

Bundan tashqari, sinov tariqasida o‘rmon xo‘jaliklari hududida ko‘chat yetishtirish, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, o‘rmonzorlar barpo etish ishlari autsorsing asosida jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etgan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarida ko‘chat yetishtiruvchi pitomniklarni tashkil etish maqsadida xo‘jaliklar hududlarining uzoq muddatli ijaraga beriladigan uchastkalari belgilanadi. Bunda davlat o‘rmon fondi uchastkalari faqat E-auksion platformasi orqali ijaraga beriladi.


8. Yangi obyektlarni loyihalashtirishda chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmagan loyihalar ekologik ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

Prezidentning 2023-yil 31-maydagi farmoni bilan atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I toifaga va II toifaga kiruvchi yangi obyektlarni loyihalashtirishda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmagan loyihalarni davlat ekologik va shaharsozlik ekspertizalaridan o‘tkazish hamda qurilishi tugallangan obyektlarni ularni o‘rnatmagan holda foydalanishga qabul qilish man etiladi.


9. Ishsiz xotin-qizlarning zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarishida bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara to‘lovi qoplanadi.

Prezidentning 2023-yil 21-dekabrdagi qarori bilan ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara to‘lovi 2024-yil 1-yanvardan BHMning 10 baravarigacha miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Shuningdek, xotin-qizlarning haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oygacha muddatga ruxsat etiladi.

Tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantiriladi.


10. Nukus shahrida “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” reyting tizimi ishga tushiriladi.

Prezidentning 2023-yil 31-maydagi farmoni bilan Nukus shahrida ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha ko‘p qavatli uylar o‘rtasida “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” reyting tizimi ishga tushiriladi.

Yil yakuniga ko‘ra, eng kam suv ishlatgan 20 ta xonadon hamda xonadonlarining 50 foizidan ortig‘i belgilangan me’yorlardan kam suv ishlatgan 20 ta ko‘p qavatli uylar rag‘batlantiriladi.

G‘olib xonadon va uylarga quyosh panellari yoki uy atrofini yoritish moslamalari bepul o‘rnatib beriladi. Shuningdek, mazkur tajriba 2025-yildan Toshkent shahri va barcha viloyat markazlarida ham joriy qilinadi.


11. Mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi.

Prezidentning 2023-yil 10-noyabrdagi qarori bilan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi.

Mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi. Bunda olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

Mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik subyektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kafilligini berish imkoniyati yaratiladi.


12. Professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchilarga imtiyozli kredit ajratiladi.

Prezidentning 2023-yil 3-noyabrdagi qarori bilan professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 milliard so‘mgacha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.


13. “Sanoat ipotekasi” tizimi joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 26-dekabrdagi qarori bilan “Sanoat ipotekasi” tizimi joriy etiladi. Bunda:

tadbirkorlarga yer uchastkalari (ishlab chiqarish maydonlari) qurilish uchun tegishli ruxsatnomalar va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, “tayyor biznes” shaklida auksion savdolariga chiqariladi;

ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun tijorat banklariga 7 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat bankining marjasi 4 foiz miqdorida belgilanadi.


14. Kichik tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Prezidentning 2023-yil 15-noyabrdagi qarori bilan 2026-yil 1-yanvargacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga bir yilda 10 milliard so‘mgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.


15. Ayrim poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tartibga solmaydi.

Prezidentning 10-oktabrdagi qarori bilan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.

Shuningdek, temiryo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar bekor qilinadi hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi.


16. Maktablarning qabul rejasi my.maktab.uz platformasida shakllantiriladi.

Prezidentning 2023-yil 26-maydagi farmoni bilan bola tug‘ilganidan so‘ng doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan maktabda onlayn hisobga qo‘yiladi. Maktablarning har o‘quv yili uchun qabul rejasi my.maktab.uz elektron platformasida shakllantiriladi.


17. Ayrim iste’mol tovarlariga nisbatan bojxona boji nol stavkada qo‘llanishi uzaytiriladi.

Prezidentning 2023-yil 28-dekabrdagi farmoni bilan 2025-yil 1-yanvarga qadar yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlar (TIF TN kodi 0207) va kungaboqar, maxsar yoki paxta moyi va ularning fraksiyalarini O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanishi belgilandi.


18. Baliqchilik loyihalari uchun garovsiz kredit ajratiladi.

Prezidentning 2023-yil 18-avgustdagi qarori bilan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlarga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.