Bu yil ham O‘zbekiston aholisi Yangi yil bayramini qorsiz kutib oladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

29-dekabr kuni respublika hududiga sovuq va nam havo kirib keladi. Ertalab respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) boshlandi.

Kun davomida havo harorati asta-sekin pasayib, ikkinchi yarmida 0…+5 darajagacha tushadi. Yomg‘ir yog‘ishi davom etadi va respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanadi.

Tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

30-dekabr kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha nisbatan sovuq ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi −0…−5 daraja, shimolda −6…−9 darajagacha pasayadi, kunduzi +2…+7 daraja atrofida bo‘ladi.

31-dekabr va 1-yanvar kunlari respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechalari sovuq saqlanib turadi, kunduz kunlari esa havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 1-yanvarga kelib +10…+13 darajaga yetadi.

Quruq ob-havo 2-yanvarda ham saqlanib turadi, lekin biroz sovuq havo kirib kelishi hisobiga kunduzgi harorat +6…+9 darajagacha pasayadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida 29-dekabr kuni yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanadi. Shamol g‘arbdan 3−8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12−15 m/s gacha kuchayadi. Kunning ikkinchi yarmida harorat 0…+2 darajagacha pasayadi.

30−31-dekabr va 1−2-yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.

Harorat 30-dekabrda kechasi −1…−3 daraja, kunduzi +4…+6 daraja, 31-dekabr va 1−2-yanvarda kechalari −3…+2 daraja bo‘ladi, 31-dekabr va 1-yanvarda kunduz kunlari +11…+13 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi, 2-yanvarda +7…+9 daraja bo‘ladi.