O‘zbekistonda 2024-yildan yuk ko‘tarish quvvati 10 tonna bo‘lgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalariga avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanish huquqi uchun yig‘imlar joriy etiladi. Bu parlament tomonidan qabul qilingan va prezident tomonidan imzolangan kelasi yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan.

Avvaliga yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun respublika va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llariga yuk avtomashinalaridan yetkazilgan zararni hisobga olgan holda BHMning besh baravari miqdorida (1,65 million so‘m) yo‘l solig‘i joriy etilishi belgilangandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi muhokamalar chog‘ida deputat Muxtorjon Hojimatov 15 tonna yuk olib ketayotgan ham, 60 tonna yuk tashiyotgan ham bir xil miqdorda to‘lov amalga oshirishi noto‘g‘ri ekanini aytdi.

“Mazkur yig‘imning joriy etilishi yo‘l infrastrukturasiga yetkazilayotgan zararni qoplamasligi aniq”, — dedi u va Hisob palatasi stavkalarni yuk mashinasining yuk ko‘tarish qobiliyatiga qarab turli toifalarga ajratishni taklif qilganini ta’kidladi.

Yakunda bu taklif inobatga olindi. Yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan 25 tonnagacha bo‘lgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalari uchun yig‘im BHMning 5 baravari (1,7 million so‘m), 25 dan 35 tonnagacha — BHMning 8 baravari (2,72 million so‘m), 35 tonna va undan yuqori — BHMning 10 baravari (3,4 million so‘m) miqdorida bo‘ladi.

Mablag‘lar avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.