28-dekabrda bloger Olimjon Haydarovning himoyachisi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining 2023-yil 1-dekabrdagi hukmi ustidan apellyatsiya tartibida berilgan shikoyati ko‘rib chiqilib, Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz va shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar qildi.

1-dekabr kuni sud Haydarovni tuhmat, haqorat va tovlamachilikda aybdor deb topib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. U Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 3-qismi “a” bandi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) va 165-moddasi 2-qismi “b” bandiдa (ko‘p miqdorda tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi blogerga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatilgan.