Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni iste’mol bozorlarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar qildi “Gazeta.uz”ga hukumatdagi manbasi.

Hujjat bilan prezidentning 2022-yil 31-maydagi PF-145-son va 2023-yil 23-martdagi PF-41-son farmonlarida ko‘rsatilgan tovarlarga import bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2025-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.

Bular yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti, baliq, sut, sariyog‘, tuxum, banan, sitrus mevalar, piyoz va bir qator sabzavotlar, qahva, choy, o‘simlik yog‘i, un, don, makaron, xamir mahsulotlari, suv, soch uchun vositalar, bolalar kiyimlari va boshqalar hisoblanadi (to‘liq ro‘yxatni havolalar orqali ko‘rish mumkin).

Farmonda yozilishicha, 0105-tovar pozitsiyasida ko‘rsatilgan yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlar (TIF TN kodi 0207) va kimyoviy tarkibi o‘zgartirilmagan holda tozalangan yoki tozalanmagan kungaboqar, maxsar yoki paxta moyi va ularning fraksiyalarini (1512) olib kirishda ham bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.

2024-yil oxirigacha ikki baravar bojxona to‘lovi stavkasi savdo-iqtisodiy munosabatlari bo‘yicha eng qulay davlat rejimi ta’minlanmagan mamlakatlardan keltirilgan tovarlarga nisbatan qo‘llanmaydi.

Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasiga 1-fevralga qadar ichki bozorda shakar narxi keskin o‘zgarishining oldini olish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash bo‘yicha Prezident administratsiyasiga takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, komissiya 1-oktabrga qadar qo‘llanadigan imtiyozlar samaradorligini baholashi va ularni davom ettirish bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.