31-dekabr kuni Toshkent metropolitenida barcha yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus metro yo‘lovchilariga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida hukumat tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. O‘sha kunda metro poyezdlari harakati doimiy jadval asosida ish faoliyatini olib boradi.

Ish vaqtining tugashi esa 1 soatga uzaytiriladi, ya’ni barcha metro bekatlari 31-dekabr soat 05:00 dan 1-yanvar soat 01:00 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shimcha dam olish kunlarida (2023-yil 30-dekabr, 2024-yil 1−2-yanvar) metro poyezdlari yakshanba kuni uchun tasdiqlangan jadval asosida — soat 05:00 dan 00:00 gacha harakatlanadi.

Avtobuslar esa 30-dekabrdan 2-yanvarga qadar yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida, 6-yanvar — shanba kuni ish kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida harakatlanishi xabar qilingan.