Turkiya parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi ratifikatsiya protokolini ma’qulladi. Bu haqdagi qaror 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qabul qilindi, deb xabar beradi Anadolu agentligi.

oktabr oyi oxirida ushbu protokol Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan imzolanib, tasdiqlash uchun parlamentga yuborilgan edi.

Endi hujjat Erdog‘an boshchiligidagi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi ko‘pchilikni tashkil etgan Parlament Bosh Assambleyasida umumiy ovoz berishdan o‘tishi kerak. Keyin prezident uni imzolashi kerak, deya qayd etadi Reuters.

Protokol bo‘yicha ovoz berish sanasi hozircha noma’lum.

Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Bilstryom va NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg protokolni ratifikatsiya qilish qo‘llab-quvvatlanishini olqishladi.

Turkiyaning pozitsiyasi

Turkiya parlamenti qo‘mitasining qarori dekabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden va Turkiya rahbari o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda bo‘lgan edi, deb yozadi Bloomberg. Ular Shvetsiya va Turkiyaning AQShdan 40 ta yangi F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olishini muhokama qilishgan.

Erdog‘an avvalroq Shvetsiya arizasining ma’qullanishini AQSh Kongressi tomonidan Anqaraga qiruvchi samolyotlar sotish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi, shuningdek, Kanada va NATOning boshqa a’zolari tomonidan Turkiyaga nisbatan qurol embargosining bekor qilinishi bilan bog‘lashini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, Anqara Shvetsiyadan Turkiyada noqonuniy deb topilgan separatistik guruhlar, jumladan, Kurdiston Ishchilar partiyasi tarafdorlariga qarshi chora ko‘rishni istaydi, deya qayd etadi agentlik.

Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi

Shvetsiya va Finlyandiya an’anaviy betaraflikdan voz kechib, o‘tgan yilning may oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan edi. Finlyandiya 2023-yil aprel oyida ittifoqqa a’zo bo‘ldi.

Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishi haqidagi protokollar faqat Vengriya va Turkiya tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. O‘tgan hafta Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mamlakat parlamenti Shvetsiya taklifini ma’qullamoqchi emasligini aytdi.

NATO qoidalariga ko‘ra, yangi davlatlar ittifoqqa faqat uning barcha a’zolari roziligi bilan a’zo bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda ittifoqqa 30 ta davlat a’zo.