Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida enaga yordamchisi tarbiyalanuvchiga nisbatan qo‘pol harakat qilib, unga shikast yetkazdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar qildi.

Voqea 2023-yil 17-noyabrda sodir bo‘lgan. Enaga yordamchisi K.G‘. 2021-yilda tug‘ilgan L.A.ga nisbatan qo‘pol harakati oqibatida bolaning qo‘li bilagidan chiqib, unga jiddiy shikast yetgan.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvi davomida tayinlangan tibbiy ekspertiza yuzasidan 2023-yil 18-dekabr kuni berilgan xulosaga ko‘ra, L.A. ga og‘irlik darajasi buyicha o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatlari yetkazilgan.

Buning asosida Jinoyat kodeksining 116-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, enaga yordamchisi G‘.K. hatti-harakatlari bilan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik ya’ni, o‘z kasbiga beparvolik yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazishda ifodalangan jinoyat sodir etgani yuzasidan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Dastlabki tergov harakatlari boshlangan.