2019-yil sentabridan 2023-yil yanvarigacha Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Baxtiyor Xudoyberganovga shu yilning sentabr oyida 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. Bu haqda Oliy sud 27-dekabr kuni xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tumani sudi 4-sentabr kuni 47 yoshli Baxtiyor Xudoyberganovni Jinoyat kodeksining 167-moddasi “a”, “v” va “g” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan, ko‘p miqdorda, mansab mavqeini suiiste’mol qilgan holda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 184−1-moddasi 2-qismi (budjet va smeta-shtat intizomini juda ko‘p miqdorda buzish), 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran mansab soxtakorligi) va 229−4-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida (Takroran, sug‘oriladigan yerlar qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqishiga sabab bo‘ladigan yer berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 7-noyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Yanvar oyi oxirida Surxondaryoda bir kunda 13 ta tuman, jumladan, Sho‘rchi hokimi almashtirilgandi. O‘shanda Baxtiyor Xudoyberganov lavozimiga Ulug‘bek Zokirov tayinlangan.

Baxtiyor Xudoyberganov bungacha Muzrabot tumani va Termiz shahri hokimliklarining moliya bo‘limlari boshlig‘i, shuningdek, viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.