Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasi 11−19-dekabr kunlari Toshkentga tashrifi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning 2024-yilda iqtisodiy rivojlanish istiqbollari va iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi.

Missiya rahbari Yasser Abdixning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti “so‘nggi global chaqiriqlarga nisbatan favqulodda chidamlilik”ni namoyish etdi.

“Joriy yilda pul o‘tkazmalari Rossiyaning Ukrainadagi urushidan oldingi tendensiyaga tushib qolgan bo‘lsa-da, fiskal xarajatlarning katta o‘sishi, shuningdek, ish haqi va eksportning kuchli o‘sishi 2023-yilda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishini 5,7 foiz darajasida ushlab turishi kutilmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, importning yuqoriligi va pul o‘tkazmalarining kamayishi joriy yilda tashqi joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining oshishiga olib keladi. Xalqaro zaxiralar yetarlicha bo‘lishda davom etishi va 8,5 oylik kutilayotgan import qiymatiga teng bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2023-yil oxirigacha 12 oylik inflyatsiya surati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foiz punktdan ko‘proqqa (9 foizgacha) pasayishi kutilmoqda, bunga Markaziy bankning yuqori real asosiy stavkasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining pasayishi, shuningdek, jahonda oziq-ovqat va energiya narxlarining kamayishi ta’sir qiladi.

Missiya 2024-yil uchun ijobiy prognozini saqlab qolmoqda, ammo hali ham saqlanib qolayotgan risklarni ko‘rsatib o‘tgan. budjet konsolidatsiyasini amalga oshirish zarurligiga qaramay, iqtisodiy o‘sish 5 foizdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Oltin eksporti hukumat xarajatlaridagi cheklovlar tufayli importning sekin o‘sishini qoplaydi va trend darajasigacha pasayadi, shu sababli tashqi joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi birozgina oshadi.

Tashqi risklar asosiy savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlarda (xususan, Xitoy va Rossiyada) o‘sish sur’atlarining sekinlashishi mumkinligi va tashqi moliyaviy sharoitlarning yanada qattiqlashishi bilan bog‘liq. Ichki risklarga davlat moliyaviy va nomoliyaviy korxonalari (DK) va davlat-xususiy sherikchilik (DXSH) korxonalarining shartli majburiyatlari kiradi.

“Makromoliyaviy barqarorlikni saqlash va tarkibiy islohotlarni davom ettirish hozirgi qiyin global sharoitda barqarorlikni oshirish va iqtisodiy o‘sishning yuqori suratlarini ta’minlashning asosiy omilidir”, — dedi Yasser Abdix.

2023-yilda olib borilayotgan kengaytiruvchi soliq budjet siyosati budjetni konsolidatsiyalash (davlat qarzi va budjet taqchilligini kamaytirish uchun daromadlar yoki xarajatlarni optimallashtirish) bilan almashtirilishi kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ish haqining qo‘shimcha oshirilishi, shuningdek, ijtimoiy nafaqalar, energiya subsidiyalari va yo‘naltirilgan kreditlarning ko‘payishi hisobiga 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi maqsadli ko‘rsatkich hisoblangan 3 foizdan oshib, YAIMning 5,5 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

Hukumat konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizga, 2025-yilda esa 3 foizga kamaytirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rmoqchi. Bu potensial shoklarga reaksiya qaytarish uchun budjetning zaxira buferlarini qayta tiklashi kerak va inflyatsiyani kamaytirishga yordam beradi. Inflyatsiyani kamaytirish esa, ayniqsa, aholining kambag‘al qatlamiga ijobiy ta’sir qiladi.

Konsolidatsiyaga ijtimoiy to‘lovlarning manzilliligini oshirish, yo‘naltirilgan kreditlash va manzilli bo‘lmagan energiya subsidiyalarini qisqartirish, ijtimoiy iste’mol normasini joriy etish orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

Xarajatlarni optimallashtirish chora-tadbirlari soliq imtiyozlarini bekor qilish va yashirin iqtisodiyotni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan to‘ldiriladi.

Kutilmalarga ko‘ra, budjetni rejalashtirishning takomillashtirilgani kamroq resurslar talab qilgan holda yaxshi natijalarga erishish va budjet maqsadlaridan chetlanishlarni minimallashtirish imkonini beradi. Choralar budjet kalendariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar investitsiya budjetini unifikatsiya qilish va uni navbatdagi yillik budjet bilan birgalikda tuzish, shuningdek, yil davomida o‘zgarishlar chastotasini cheklashni nazarda tutadi, chunki tez-tez yuz beradigan o‘zgarishlar budjet ijrosini murakkablashtiradi va katta ehtimol bilan uning natijalarini yaxshilamaydi.

Yasser Abdix ma’lumotlariga ko‘ra, inflyatsiyani yanada pasaytirishni ta’minlash uchun pul-kredit siyosati qattiq bo‘lib qolishi kerak. Energiya manbalarining tartibga solinadigan narxlarining zaruriy o‘sishi inflyatsiyaning oshishiga olib kelishi kutilmoqda. Biroq bu ta’sir davom etayotgan qat’iy pul-kredit siyosati va budjetning sezilarli konsolidatsiyasi bilan qisman qoplanadi.

XVJ missiyasi O‘zbekiston Markaziy bankining inflyatsiya maqsadli darajagacha (5 foiz) sekinlashgunga qadar nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab qolishga, bazaviy inflyatsiya kutilmaganda o‘sishni boshlasa esa asosiy stavkani oshirishga sodiqligini ijobiy baholaydi. Moliyaviy hamkorlikning past darajasi, yuqori dollarlashuv darajasi va yo‘naltirilgan kreditlashning hali ham sezilarli bo‘lib qolayotgan hajmlari tufayli cheklanganligicha qolayotgan pul-kredit siyosatining transmissiya mexanizmi ta’sirini kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarur. Valyuta kursining moslashuvchanligi potensial shoklarni qabul qila olish va zaxiralarni saqlab qolish uchun muhimdir.

Jamg‘arma barqarorlikni saqlash uchun moliya sektoridagi islohotlarni davom ettirish zarurligini qayd etgan. Qattiq pul-kredit siyosatiga qaramay, kreditlash darajasi o‘sishi, ayniqsa, avtokreditlash, mikrokreditlash va ipoteka sohalarida yuqori bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bank kerakli tarzda kredit summasining garov qiymatiga nisbatini kuchaytirdi va banklar uchun konsentratsiya chegaralari joriy etdi. Qo‘shimcha nazorat va makroprudensial chora-tadbirlar banklarning qarz oluvchilarning kredit qobiliyatini yaxshiroq baholashini ta’minlaydi va aktivlar sifatining yomonlashuvi riskini cheklaydi.

Rasmiy organlar keyinchalik ham korporativ boshqaruv tizimini kuchaytirib borishi, davlat banklari faoliyatining shaffofligini oshirishi va yo‘naltirilgan kreditlashni qisqartirishi kerak. Ushbu chora-tadbirlar banklarni xususiylashtirish, bozor sharoitlarini tenglashtirish, moliyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi, deyiladi hisobotda.

Hukumat davlat xaridlarida shaffoflikni oshirdi, davlat korxonalarining hisobot berish va korporativ boshqaruv jarayonlarini kuchaytirdi, yirik bank va bir qancha davlat korxonalarini xususiylashtirdi.

Korxonalar uchun energiya tariflari oshdi va oktabr oyida yangilangan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Sentabr va oktabr oylarida keyingi islohotlar, jumladan, energetika sektori uchun alohida regulyatorni yaratish va milliy temiryo‘l kompaniyasini funksional ajratish e’lon qilindi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish choralari e’lon qilindi.

“Shunga qaramay, energiya tariflarini hech bo‘lmaganda xarajatlarni qoplaydigan darajaga ko‘tarish, korporativ boshqaruv va shaffoflikni (shu jumladan, davlat korxonalarida) takomillashtirish, davlat ulushi mavjud korxonalarni tarkibiy qayta tashkil etish va xususiylashtirishni davom ettirish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish uchun raqobat siyosatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar zarur. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar va qo‘shni davlatlar bilan transport yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni jadallashtirish transport xarajatlarini kamaytiradi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlarni ochadi”, — dedi Yasser Abdix.

Prognozlar

XVJ 2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari 5,2 foizgacha sekinlashishini (2023-yildagi 5,7 foizdan) kutmoqda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa YAIM o‘sishi 5,8 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.

Energiya tariflarini liberallashtirishni davom ettirish inflyatsiyani 11 foizgacha tezlashtirishi kutilmoqda, bu O‘zbekiston hukumati kutayotgan 8−10 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,2 foiz darajasida (2023-yildagi -4,7 foiz) prognoz qilinmoqda.