O‘zbekiston Respublikasida yangi avtomototransport vositalarini chakana sotish tartibini yanada takomillashtirish hamda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida 25-dekabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.

Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari quyidagi mazmundagi 119−1 band bilan to‘ldirildi:

“119−1. Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasini tuzishda barcha iste’molchilarga teng imkoniyatlarni yaratadi.

Agar bozorda ustun mavqega ega sotuvchida o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransport vositasini sotishda ichki bozordagi talabni qondirish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda, bir shaxs bilan 12 oy davomida avtomototransport uchun ikkitadan ortiq shartnoma tuzilganda, sotuvchi keyingi 12 oy mobaynida ushbu mahsulot uchun qayta shartnoma tuzishdan bosh tortish huquqiga ega".

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatida yengilavtomobillar sotish bo‘yicha UzAuto Motors ustun mavqega ega ekani belgilangan.

Avvalroq UzAuto Motors agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil “navbatning” oxiriga o‘tishi hamda avtomobillarni yetkazib berish muddati 120 kunga oshishini eslatib o‘tgandi.