Maktablardagi biologiya va tarbiya fanlari oilaga tayyorgarlikni ta’minlovchi mavzular guruhi bilan to‘ldiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning 21-dekabrdagi oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablaridagi yuqori sinflar uchun ona tili va adabiyoti hamda chet tili fanlarini o‘qitish bo‘yicha mavzularni tanlashda “oilaning muqaddasligi, oila a’zolarining bir-birlari oldidagi ma’naviy javobgarligini yorituvchi mavzularga” ustuvorlik beriladi.

Shuningdek, qarorda kinoijodkorlarga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy faollikka chorlovchi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati oiladagi tinchlik va Vatan ravnaqiga ijobiy hissa qo‘shishi, yaqinlari ko‘magi bilan yuksak yutuqlarga erishgan xotin-qizlarning hayotini yorituvchi, oilaviy zo‘ravonlikni qoralovchi kinofilm va ijtimoiy reklamalarni ishlab chiqish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Senat va Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi rahbari Tanzila Narbayeva jinsiy tarbiya tabu mavzu bo‘lmasligi kerakligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab “yoshga qarab” tushuntirish ishlari olib borilishi, maktab va oliy o‘quv yurtlarida oilani shakllantirish, reproduktiv salomatlik, tug‘ish, saqlanish, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh va boshqa masalalar muhokama qilinishi zarur.

Biroq mavzu yuzasidan kelib chiqqan qizg‘in ommaviy munozaralar, ehtimol, bu fan maktab o‘quv dasturlariga kiritilmasligiga sabab qilgan.

2022-yilda 2026-yilgacha o‘smirlar salomatligi va farovonligini himoya qilish strategiyasi loyihasi muhokamasi chog‘ida jinsiy tarbiya mavzusi yana ko‘tarilgandi.

“Kompleks jinsiy ta’lim sog‘lom xulq-atvorni shakllantirishga, jinsiy va reproduktiv salomatlik va turdosh huquqlarni himoya qilishga yordam beradi, xususan, OIV infeksiyasi va o‘spirin homiladorligi holatlarini kamaytirish orqali jinsiy va reproduktiv salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi”, — degan edi o‘shanda YUNISEF ofisining mintaqaviy maslahatchisi Gabriel Fontana.