BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Toshkent shahri hokimligi Markaziy univermag (SUM) yonidagi yerosti yo‘lida yangi graffitilarni namoyish etdi. Taqdimotda “Gazeta.uz” muxbirlari ham ishtirok etdi.

Muralda nogironlar aravachasida o‘tirgan ayol, shuningdek, yana bir ayol va kichik yoshli qizaloq tungi ko‘chada ketayotgani tasvirlangan. Ularning siluetlari chiroqlar bilan yoritilgan. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, yorug‘lik ko‘cha xavfsizligini anglatadi, chunki bezorilik holatlari ko‘pincha qorong‘i joylarda sodir bo‘ladi.

“Bu „Umidani chaqiring“ tashabbusining davomi (ushbu loyiha doirasida ko‘chada bezorilikka uchragan ayol do‘kon yoki kafega kirib, „Umidani chaqiring“ iborasi bilan yordam so‘rashi mumkin — tahr.). Vaqt o‘tishi bilan biz ko‘cha faqat unda joylashgan xususiy kompaniyalar emas, degan xulosaga keldik. Ko‘chada ayollarning xavfsizligiga umumiy ta’sir ko‘rsatadigan juda ko‘p infratuzilmaviy jihatlar mavjud — bu yorug‘lik, bu o‘z vaqtida harakatlanadigan transport, bular to‘g‘ri yo‘llar, o‘z vaqtida qordan tozalangan yo‘laklar. Bu devoriy rasm qisman ko‘chalar hamma uchun xavfsiz bo‘lishi kerakligini ham aytadi”, — deb tushuntirdi BMTTDning gender masalalari bo‘yicha mutaxassisi Muhabbat Turkmenova.

“„Umidani chaqiring“ kabi loyihalar sababli shaharni yoritish, xavfsiz jamoat transporti va umuman, shaharni rejalashtirish orqali boshqa narsalar qatori xavfsizlik ham ta’minlanadi. Yerosti yo‘laklari kabi joylarni yoritish, xavfsizroq qilish va odamlar to‘planadigan joylarga aylantirish kerak. Ya’ni, nafaqat joyning xavfsizlik xususiyatlari, balki undagi odamlarning o‘zaro ta’siri ham rol o‘ynaydi”, — deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ram Ayer.

Muralni yaratish uchun bekorga yerosti yo‘lakchasi tanlanmagan, chunki ijodkorlar aynan shunday joylarda ayollar o‘zini nisbatan kamroq xavfsiz his qilishini va shu yerda xavfsizlik uchun sharoit yaratishimiz kerakligini ko‘rsatishi muhim edi. “So‘rovnomalarimizga ko‘ra, ko‘p qizlar yerosti yo‘laklariga tushmaslikni afzal ko‘rishadi, chunki u yerda o‘zlarini xavfsiz his qilishmaydi. Odatda bu yerda ko‘chadagidan ko‘ra kamroq odam bo‘ladi va hatto baqirsangiz ham, sizni eshitishlari ehtimoli kamroq. Shuning uchun bunday joylarga e’tiborni jalb qilish muhim”, — deydi Muhabbat Turkmenova.

Muralga qo‘shimcha yoritish va videokuzatuv vositalari o‘rnatilgan bo‘lib, ular ham yaxshi yoritilgan, inklyuziv va himoyalangan ko‘chalar yaratish g‘oyasini ilgari suradi, deya ta’kidladi BMTTD.

Surat yana qanday ma’nolarga ega ekani va qanday yaratilgani — “Gazeta.uz” reportajida.