O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoyishiga muvofiq Davletova Nozimaxon Eldarovna O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni axborot-tahliliy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Ushbu tayinlovga qadar Nozimaxon Davletova Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Nozima 2011-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetinining (JIDU) Xalqaro munosabatlar fakultetini tamomlagan. 2011−2013-yillarda Sukuba universitetida Xalqaro munosabatlar mutaxassisligi buyicha magistraturada ta’lim olgan. 2015-yildan JIDU “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida ishlagan.

Avvalroq Davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti hamda “Ezgu-film” kinostudiyasi bosh rejissyori Jahongir Ahmedov Prezident administratsiyasi ijodiy tashkilotlar va kinematografiya sohasini rivojlantirish sho‘’basi yetakchi inspektori lavozimiga tayinlangandi.