O‘zbekistonda milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda prezident o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi adolatdan bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlarga o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2025-yil 1-yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan maktabdagi pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida to‘lanishi joriy etilgandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum va akademik litseylarning C1 sertifikatiga ega o‘qituvchilariga ham 50 foiz ustama berilishi yo‘lga qo‘yilgan.