UzAuto Motors bir qator avtomobillari uchun 22-dekabr kuni soat 12:00 da kontraktatsiya ochilishini ma’lum qildi.

Kontraktatsiya 2024-yil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining butun hajmi uchun onlayn ochiladi.

Avtomobil xarid qilish uchun shartnomani faqat onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin. Shu kunlarda barcha Chevrolet dilerlik markazlari savdo tizimidan o‘chiriladi va avtosalonlarning barchasi yopiq bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Chevrolet ommabop avtomobillari uchun shartnoma tuzish faqat UzAutoSavdo ilovasi, shuningdek, savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin. Telegram bot faqat navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.

Avtomobilni onlayn xarid qilish uchun nima qilish kerak?

  1. OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish shart (batafsil);
  2. UzAutoSavdo mobil ilovasini yuklab olish (iOS uchun, Android uchun) va ilovada OneID tizimidagi login va parol yordamida ro‘yxatdan o‘tish kerak (batafsil);
  3. Yoki savdo.uzavtosanoat.uz saytiga kirib, bunda ham OneID tizimidagi login va parol yordamida ro‘yxatdan o‘tish kerak (batafsil);
  4. Avtomobil modeli, rangi va komplektatsiyasi hamda ma’qul kelgan dilerlik markazini tanlagan holda, shartnoma tuzish kerak bo‘ladi.

Qayd etilishicha, onlayn shartnoma tizimi barcha uchun bepul va tizimda hech kim uchun qandaydir alohida kirishni ta’minlaydigan imkon yo‘q.

Kompaniya mijozlardan asossiz “ajiotaj” chiqarmaslikni so‘rab, kontraktatsiya uchun Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining 2024-yildagi butun hajmi mavjud bo‘lishiga ishontirmoqda. Shuningdek, shu kunlarda dilerlik markazlariga murojaat qilmasliklarini yana bir bor ta’kidladi.

UzAuto Motors, shuningdek, mijozlardan hushyor bo‘lishni va shaxsiy ma’lumotlarini, ayniqsa, davlat portalidagi shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikni so‘radi. “Agarda shartnoma tuzish uchun shaxsiy ma’lumotlaringizni uchinchi shaxslarga topshiradigan bo‘lsangiz, kompaniya xaridor oldida hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi”, — deyiladi xabarda.