Shavkat Mirziyoyev juma kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida teatr va muzeylarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Uning nutqidan iqtiboslarni davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov e’lon qildi.

“Agar hozir „Qani, oxirgi bir oyda qaysi teatrga bordingiz, qanday yangi kitob o‘qidingiz?“ deb so‘rasam, o‘ylaymanki, aksariyat rahbarlar xijolat bo‘lib qolishi mumkin. Holbuki, rahbar-yetakchilar ijtimoiy dunyoqarash, madaniy saviya bo‘yicha boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari kerak”, — dedi u.

Prezident davlat organlari va muassasalarida har oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilishni taklif etib, xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Madaniyat vazirligiga Teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.

Dasturda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha eng yaxshi pesa uchun ijodiy buyurtma berish, dramaturglarga 50 million so‘mdan qalam haqi to‘lash, ijodiy va yordamchi xodimlarning rivojlangan davlatlar teatrlarida mahorat oshirishini yo‘lga qo‘yish hamda yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofotni ta’sis etish nazarda tutiladi.

Prezident muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha 7 yillik dastur qabul qilinishini ham ma’lum qildi.

Innovatsion texnologiyalar asosida Tarix muzeyi hamda San’at muzeyining zamonaviy yangi binolari barpo etiladi, Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasi yangilanadi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta’mirlanadi.

Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavratsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bugungi kunga qadar xorijiy restavratorlar bilan birga 238 ta madaniy boylik restavratsiya qilindi.

Bundan tashqari, Usmon Qur’oni sahifalari ham konservatsiya va restavratsiya qilinadi.

18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi. Shuningdek, Samarqandda Amir Temur bog‘lari qayta tiklanadi, “Buyuk ipak yo‘li” muzeyi barpo etiladi va Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinadi.

Tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish uchun alohida dastur qabul qilinadi. Xattotlik va miniatyura san’ati ta’limini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida milliy usulda qog‘oz tayyorlash bo‘yicha o‘quv ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etiladi.

“Yana bir muhim masala — madaniyat va san’at sohasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarish qilishimiz shart”, — dedi prezident.

Musiqa va san’at maktablari muallimlarining oyligini oshirish, ushbu maktablarning kommunal xarajatlarini budjetdan qoplash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi. Umuman olganda, madaniyat va san’at, kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning oyliklari 2024-yil 1-apreldan 20 foizga, 2025-yil 1-yanvardan yana 15 foizgacha bo‘lgan miqdorda oshiriladi.