Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi 1 mlrd 258 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Xususan, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “B.E.G.700” MCHJga qarashli AGTKSH tomonidan gazning haqiqiy sarfini kamaytirib ko‘rsatish maqsadida hisobga olish priboriga tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda uning sxemalari ўзгартирилгани ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur AGTKSH tomonidan davlat manfaatlariga jami 1 mlrd 258 mln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilgan.

Avvalroq Toshkent shahri va viloyatidagi 3 ta gaz “zapravka” 34 mlrd 640 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangandi.