Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat bayrog‘ini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda 22-dekabr kuni mamlakat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, bayroqdagi quyoshning to‘lqinsimon nurlari to‘g‘ri holatga keladi, tundukdagi (qirg‘izlar o‘tovining toj ko‘rinishidagi sharsimon qismi — tahr.) tayoqchalar soni esa uchtadan to‘rttaga ko‘payadi.

Eski namunadagi bayroq tasviri tushirilgan barcha rasmiy hujjatlar amal qilish muddati tugaguniga qadar, avtomashina raqamlari va transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalari — hokimiyat ularni almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgunga qadar amal qiladi, deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston davlat bayrog‘ining yangi dizayni.Qirg‘iziston davlat bayrog‘ining yangi dizayni.

Bayroqni o‘zgartirish g‘oyasi Sadir Japarovning shaxsiy tashabbusi hisoblanadi. Uning iltimosiga ko‘ra, deputatlar “Davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi. 20-dekabr kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) hujjatni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi.

“Hozirga qadar jamiyatda bayrog‘imiz kungaboqarga o‘xshab ketishi va buning fonida mamlakat tizzasida tura olmasligi bo‘yicha fikr bor edi…, — tushuntirgandi Qirg‘iziston prezidenti o‘shanda. — Tuzatilgan versiya haqiqatan ham quyosh nurlariga o‘xshaydi. Xudo xohlasa, bu variant qabul qilinsa, bundan keyin qaram bo‘lmaymiz”.

Shuningdek, u bayroqni almashtirish uchun “ko‘p pul kerak emasligini” ta’kidladi va xarajatlarni “shaxsiy hisobidan” qoplashga tayyorligini bildirdi.

Ko‘pchilik jamoatchilik vakillari bayroqni o‘zgartirishga qarshi, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar #bayroqnio‘zgartirmang heshtegi bilan fleshmob boshlagan, deb ta’kidladi 24.kg.