Shavkat Mirziyoyev juma kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormi, degan savolni ko‘tardi. Uning nutqidan iqtiboslarni davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov e’lon qildi.

Prezident ushbu kengashga o‘zi raislik qilayotganini, hududlarda esa bu sohaga birinchi rahbarlar mas’ul ekanini, chunki “ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat ustuvor masala” ekanini eslatdi.

Uning ta’kidlashicha, 2023-yilda “eng ko‘p — 134 trillion so‘m” ijtimoiy sohaga yo‘naltirildi, bu 2016-yilga nisbatan 5,6 barobar ko‘pdir. “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan „O‘zbekiston — ijtimoiy davlat“ degan qoidaning amaliy hayotimizdagi tasdig‘ini birgina ana shu misolda ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bu ishlar dastlabki qadamlar bo‘lib, kelgusida yanada kengayib boradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari iqtisodiy inqiroz va pandemiyaning global miqyosdagi ta’siriga qaramay, mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kengaytirish borasida katta sa’y-harakatlar va ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

2024-yildan bu ishlarni yanada faollashtirish uchun har yili 100 milliard so‘m ajratilishiga va’da berdi.

“Ertaga kech bo‘ladi”

Prezident shunday savol bilan yuzlandi: “Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi?”

“Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda „o‘zbek“, „o‘zbekistonlik“, „O‘zbekiston“ degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, ba’zan hatto mamlakatning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani, jumladan, diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undash holatlari paydo bo‘lmoqda.

Bunday vaziyatda jamiyatda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni kuchaytirish, ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish lozim, dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ziyolilarni tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda yanada faol bo‘lishga, ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishga chaqirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘zbek madaniy diplomatiyasini jahon miqyosida rivojlantirish, aholi va sayyohlarni mamlakatning boy madaniy merosi bilan keng tanishtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladi.

“Kadrlar suv va havodek kerak”

Prezident yaqin kunlarda o‘tgan asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy ma’rifiy harakat vakillari — jadidlar merosini o‘rganish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risidagi qarorni imzolashini aytdi.

“Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, — dedi u.

“Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”, — dedi u.