21-dekabr kuni Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov Tashqi ishlar vazirligiga taklif etildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya — za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazildi.

Rossiya kabi do‘st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi, deyiladi bayonotda.

Rossiya OAVda keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, ikki xalq o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi vazirlik.

O‘z navbatida, Oleg Malginov to‘liq mas’uliyat bilan Prilepinning bayonotlari Rossiya rahbariyatining do‘st va mustaqil O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Rossiyaning O‘zbekistondagi vakili sifatida elchi “O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan”ini bildirdi.

Malginov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo‘yicha izoh berishni rejalashtirayotganini qayd etdi.