O‘zbekistonda mas’ullarga 2024-yildan energoresurslarga bo‘lgan ichki ehtiyojni 100 foiz ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov jurnalist Aziza Qurbonovaning YouTube`dagi “O‘zi nima gap?” loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Jurnalist energetika sohasida ishlar vazir intervyu davomida aytganidek shiddat bilan ketadigan bo‘lsa, yaqin kelajakda mamlakatning barcha hududida uzluksiz energota’minotga erishish imkoniyati bor-yo‘qligi haqida savol berdi.

жўрабек мирзамаҳмuдов, энергоресuрслар

“Qancha vaqt ketishi mumkin? Siz bunga ishonasizmi? O‘zi buning iloji bormi? Har bir qishloqda, har bir ovulda — mayli, muqobil bo‘lsin, mayli, tabiiy gaz bo‘lsin, mayli, tarmoqlar bilan borsin — har xil yo‘l bilan oxir-oqibat 99 foiz [ta’minot]ga erisha olamizmi?” — deya savol bilan yuzlandi Aziza Qurbonova.

Bunga javoban vazir o‘z oldiga maqsad qo‘ygani haqida gapirdi.

“99 foiz — kimnidir ta’minlab berolmaymiz degani… O‘tgan yili noyabr oyida cheklovlar kiritishga majbur bo‘lganmiz. Bu yil noyabrda cheklovlar kiritilmadi, barcha korxonalar bir maromda [ishladi]. Nafaqat korxonalar, balki aholiga ham uzluksiz yetkazib berildi…”, — deya tushuntirdi u.

Jo‘rabek Mirzamahmudov tizimda tarmoq uzilishi, transformator kuyishi, yonishi yoki nosozlik kelib chiqishi kabi hodisalar bo‘lib turishini aytib, kelgusi yilda uning tizimiga vazifa yuklanganini ta’kidladi.

“Generatsiya tarafidan ishontirib aytamanki, 2024-yildan 100 foiz o‘z ichki ehtiyojimizni qoplash imkoniyatimiz paydo bo‘ladi. Biz buni ta’minlaymiz, bizga shunday vazifa qo‘yilgan. Agar bu vazifani bajara olmasak, o‘ylaymanki, nafaqat men, balki tizimimizdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident va hukumat tarafidan bu kunlik nazoratda va hisobotlar berib borilmoqda.