Oliy Majlis Senatining 20-dekabr kungi majlisida Senat raisi Tanzila Narbayeva Toshkent shahrining qator ko‘chalarida qurilgan ko‘priklarda (yerusti piyodalar o‘tish joylari nazarda tutilmoqda) lift va eskalatorlar ishlamayotgani, bu esa piyodalar hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini ta’kidladi.

Mazkur masalani dastlab Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov ko‘tardi.

“Qator ko‘priklar qurilgan, ularga liftlar, eskalatorlar o‘rnatilgan, ba’zi joylarga umuman o‘rnatilmagan. Buning natijasida nogironligi bor shaxslar [yo‘lni] belgilanmagan joylardan kesib o‘tishmoqda. Davlat raxbari ham yaqinda bo‘lib o‘tgan selektorda ta’kidlab o‘tdilar, 4000 mingdan ortiq YTHlar sodir bo‘lgan bo‘lsa, shuning 47 foizi aynan piyodalarning belgilanmagan joylardan [yo‘lni] kesib o‘tishi natijasida sodir bo‘lyapti. Faqat nogironligi bor shaxslar emas albatta, bu yerda yoshlar, bolalar, ayollar va boshqa shaxslar ham qatnashyapti. Lekin eng ayanchli holat — lift va eskalatorlar yoki umuman ishlamayapti, yoki umuman o‘rnatilmagan. Shu masala bo‘yicha ham mutasaddilardan tushuntirish berishni so‘rardik”, — dedi Odiljon Iminov.

Tanzila Narbayeva esa odamlar, ayniqsa keksalar, yosh bolalilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘priklardan o‘tishda qiynalayotgani va norozi bo‘layotganini ta’kidladi.

“Bu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda video ham tarqaldi. Biz odamlarimiz, ayniqsa keksalarimiz, yosh bolalar, yosh bolasi borlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘priklardan o‘tishda qiynalayotgani va tabiiyki, norozi bo‘layotganining guvohi bo‘lyapmiz. Muqimiy va Abdulla Qodiriy ko‘chalaridagi liftlar ishlamaydi, Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari kesishmasidagi ikkita ko‘prik, Shota Rustaveli ko‘chasidagi ko‘prikda lift va eskalatorlarning o‘zi yo‘q. Belgilangan, lekin yo‘q”, — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva yuqoridagilardan kelib chiqib hukumatdan, Tog‘-kon, geologiya, sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasidan va Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasidan Toshkent shahar hokimiyati bilan birgalikda masalani nazoratga olishni so‘radi.

“Ko‘priklar o‘zi aholiga qulaylik yaratish uchun qurilgan. Shunday ekan, ulardagi lift bo‘ladim, eskalator bo‘ladimi, yoki boshqa biror qurilma bo‘ladimi, barchasi risoladagidek ishlashi zarur. Toshkent shahar hokimligi, idoralar, vazirliklar bu masalani o‘rganishi kerak. 10 kun muddatda bizga yechim ko‘rsatilgan takliflarni berasizlar”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” avvalroq “NOQulay shahar” loyihasi doirasida Toshkent shahridagi yerusti piyodalar o‘tish joylari nima uchun noqulay va xavfli ekani haqida videomaterial tayyorlagandi.