Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-dekabr kuni tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda 2024-yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yilda 8000 nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bunga tayyorgarlik ko‘rish uchun tanlovlar o‘tkazilib, salohiyatli o‘quvchilar tanlab olinadi, xorijdan malakali murabbiylar jalb qilinadi.

Bundan tashqari, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanishi, AQShlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida 20 ming aholi bandligi ta’minlanishi aytildi.

Davlat rahbari raqamlashtirish mahalladan boshlanishi kerakligini ta’kidladi. Prezident hozirda mahalla tizimi xodimlari planshet va kompyuter bilan ta’minlanganini, lekin ulardan to‘la foydalanilmayotganini aytib o‘tdi.

“Masalan, yoshlar yetakchisiga subsidiya olish uchun murojaat qilgan fuqaro haligacha mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki bandlik bo‘limidan ishsizlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olib kelishga majbur”, — deyiladi xabarda.

Shu bois mutasaddilarga 2024-yil 1-martga qadar “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “mahalla yettiligi”ni raqamli tizimlardan foydalanishga o‘qitish topshirildi.

Yig‘ilishda vazirlik va tarmoqlardagi raqamlashtirish holati tahlil qilindi. Iqtisodiyot tarmoqlarida tannarxni tushirish “faqat va faqat raqamlashtirish orqali” bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.

Ayrim vazirlik va idoralarda raqamlashtirish ishlari sustligi qayd etildi. Masalan, “Raqamli sog‘liqni saqlash” loyihasi, tibbiy sug‘urtani joriy qilish kechikmoqda. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, onkologik kasallarni elektron reyestri yo‘qligi sababli ularga nafaqalar to‘lashda qiyinchilik bo‘lmoqda.

Qishloq xo‘jaligida pestitsidlar cavdosi va qo‘llanishi bo‘yicha raqamli nazorat tizimi joriy qilinmagan.

Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, deb ta’qidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu qoloqliklarni tezda bartaraf etish, har bir sohada raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi. “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar — korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar”, — dedi prezident.

Davlat rahbari soha infratuzilmasi, xususan, internet tezligini yaxshilash masalasiga e’tibor qaratdi. Ayrim hududlarda internet tezligi pastligi, xalqaro magistral yo‘llarning 20 foizi mobil internet bilan qamrab olinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Prezident mutasaddilarga raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb qilish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, barcha elektron to‘lov tizimlari uchun bu borada yagona talablarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Umuman, IT xizmatlari hajmini 20 trillion so‘mga, eksportni 800 million dollarga yetkazish, tarmoqlarda 130 ta axborot tizimini joriy qilish va 750 ta davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.