Vazirlar Mahkamasi “Tramvay va trolleybus transportida yo‘lovchilarni tashish tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tramvay hamda trolleybusda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanadi, yo‘lovchilarni tashishda zamonaviy axborot texnologiyalar joriy etiladi.

Qarorda tramvay va trolleybus transporti faoliyati samaradorligini oshirish va uning tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • jamoat transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilash;
  • xorijiy tajriba asosida zamonaviy shahar jamoat transportini boshqarish tizimlarini takomillashtirish;
  • respublikada “yashil transport” tizimi ulushini ko‘paytirish orqali samarali va ekologik toza transport turlariga bosqichma-bosqich o‘tish;
  • rivojlangan davlatlar axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda, jarayonlarni raqamli boshqarish tizimini joriy etish;
  • sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning malaka va ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • zamonaviy bilimga ega professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish orqali sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tramvay hamda trolleybusda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.

Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimliklari Transport vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-iyunga qadar yo‘lovchilar uchun qulay elektron to‘lovlarni ommalashtirish maqsadida tramvay va trolleybus transportida elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni xalq deputatlari Kengashi muhokamasidan o‘tkazib, joriy etilishini ta’minlaydi.

Transport vazirligiga elektr transportni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi:

  • jamoat transportida elektr transporti ulushini oshirgan holda, aholi uchun qulay bo‘lgan yangi yo‘nalishlar tarmog‘ini ishlab chiqish;
  • jamoat transportida elektr transporti infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
  • elektr transportida tarif siyosati, stavkalar va yig‘imlar masalalarini tartibga solishda ishtirok etish.
  • Transport vazirligi bir oy muddatda vazirlik markaziy apparatida belgilangan shtat birligi doirasida tramvay va trolleybus transportini o‘z ichiga olgan “yashil transport”ni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan bo‘linma tashkil etadi.

Transport vazirligi Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda uch oy muddatda tramvay va trolleybus transportiga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni joriy ta’mirlash bo‘yicha malakali kadrlar hamda tramvay va trolleybus haydovchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqadi va xodimlar malakasini oshirish kurslarini tashkil etadi.

Avvalroq Samarqand shahridagi jamoat transporti — avtobuslar, elektrobuslar va tramvaylarda yo‘l haqi 8-sentabrdan boshlab naqd va bank kartasi orqali to‘lashda 1400 so‘mdan 2000 so‘mga oshirilgandi.