Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) o‘zining O‘zbekiston ko‘chmas mulk va ipoteka bozori bo‘yicha hisobotida Toshkent shahrida uy-joy narxlari uchun hisoblangan “pufak indeksi” narxlar pufak xavfi chegarasiga yaqinlashib borayotganini ko‘rsatayotganini qayd etdi.

Unga ko‘ra, hisobot respublika bo‘yicha uy-joy narxlari, ko‘chmas mulk bozorining joriy holati va kelajagi hamda fundamental hamda iqtisodiy omillarga asoslangan pufak xavfi to‘g‘risidagi tahlillar bilan birgalikda 5455 nafar aholi va 141 qurilish kompaniyasi orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini ham o‘z ichiga oladi.

Institutning mazkur hisobotdagi asosiy xulosalari quyidagilar:

Toshkent shahrida uy-joy narxlari uchun hisoblangan “pufak indeksi” narxlar pufak xavfi chegarasiga yaqinlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali xonadon sotib olish uchun talab etiladigan muddat (o‘rtacha ish haqiga nisbatan) 10 yilgacha yetgan. Bu borada Toshkent shahri Tokio, Parij va London shaharlariga deyarli yetib olgan.

Toshkent shahrida uy-joy narxlari o‘zgarishi va uning ijarasidan keladigan umumiy yillik daromadlilik jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasidan (2023-yil sentabrda 5,3 foiz) ancha yuqori hisoblanadi.

O‘tgan yillarda aholi sonining 1 foizga ko‘payishi uy-joyga bo‘lgan talabning 0,8 foizga oshishiga olib kelgan.

2021−2023-yillarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘rtacha hisobda uy-joy sotib oluvchi har beshinchi kishi ipoteka kreditlariga murojaat qilgan. Bu esa ushbu hududlarda aholi uy-joy sotib olishda asosan o‘z mablag‘laridan foydalanayotganidan dalolat beradi.

Hududlarda 1 kvadrat metr uchun kadastr hujjatlari chiqqandan keyingi narx kadastr olishdan oldingi narxdan o‘rtacha 19−20 foizga qimmatlashadi. Poytaxtda esa ushbu ko‘rsatkich 35−39 foizgacha yetadi.

Uy-joy narxlarining 500 mln so‘mdan oshishi aholining 80 foizdan ortig‘ining uy sotib olish imkoniyatlarini pasaytirib yuboradi. Aholining aksariyat qismi ipoteka krediti yoki uy-joy narxini bo‘lib to‘lash uchun oyiga 4 mln so‘mgacha to‘lash qobiliyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov narx pufaklari salbiy ta’sirining oldini olish uchun ipoteka kreditlariga maksimal chegara qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Undan avvalroq esa regulyator 2022-yil uchun Moliyaviy barqarorlik sharhida bir qator omillar natijasida Toshkent shahri uy-joy narxlarining bozor va fundamental qiymatlari o‘rtasidagi farq 2022-yil IV choragida 210 mln so‘mga (kuzatuv davri davomidagi o‘zining eng yuqori qiymatiga) yetganini ma’lum qilgandi.

“E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz ipoteka kreditlari ajratishda uyning qiymati qancha bo‘lishidan qat’i nazar, kreditning maksimal chegaralarini belgilab qo‘yganmiz. Bunday asosiy maqsad ham, pufaklar yorilayotgan vaqtida banklarga bo‘ladigan salbiy ta’sirning oldini olish hisoblanadi. 1 mlrd so‘mlik uy bo‘ladigan bo‘lsa, Toshkent shahrida bank ajratadigan kredit 440 mln so‘mdan oshmaydi. Bu o‘z-o‘zidan pufakni kamaytirish imkonini beradi”, — degandi Markaziy bank raisi.