O‘zbekiston Markaziy banki ko‘rsatmalariga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagani sababli 1 ta tijorat bankiga ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatildi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Cheklovlar Bank nazorati qo‘mitasining noyabr oyidagi 7 ta yig‘ilishidan birida kiritilgan. Regulyator cheklovlar aynan qaysi bank faoliyatiga kiritilganini ochiqlamadi. Oy davomidagi yig‘ilishlarda jami 26 ta masala ko‘rib chiqilgan.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16 ta masala ko‘rib chiqilib, ulardan kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), auditorga malaka sertifikatini berish (5 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (4 ta) kabi masalalar o‘rin olgan.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha (10 ta masala) banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilingan.

“Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalariga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagani sababli 1 ta tijorat bankiga ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatildi. Markaziy bankka ishonchli bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim qilgani va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmagani uchun 4 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkiloti tegishli chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirildi”, — deyiladi regulyator xabarida.

Shuningdek, prudensial normativlarga rioya qilmagani oqibatida 4 ta bankka va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima choralari qo‘llangan. Bu banklar va to‘lov tashkiloti nomi ham ochiqlanmagan.

Bundan tashqari, qo‘mita o‘zining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar yaratish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf qilish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar bergan.

Eslatib o‘tamiz, 16-noyabr kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Markaziy bank ko‘rsatmalarga amal qilmagan va yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlamagan 16 ta bankka nisbatan jarima chorasi qo‘llagandi.