Tadbirkorlarga Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha belgilangan 400 mlrd so‘m jarimalar hisobdan chiqarilishi mumkin. Bu haqda 18-dekabr kuni Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjon Fayzibayev ma’lum qildi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yil 11-martdan kiritilgan va tasdiqlangandan keyin uch oy o‘tib — 13-iyundan kuchga kirdi. Modda quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
  • tovarlarni (alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, dori-darmonlar, maishiy texnika, 2024-yil 1-martdan — suv va ichimliklar) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar uchun identifikatsiyalash vositalari bilan majburiy raqamli markirovkalash qoidalari.

Ushbu talablar yoki tartib-qoidalarni buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Spot.uz`ning Soliq qo‘mitasiga tayanib xabar berishicha, o‘tgan yili ushbu modda bo‘yicha 254 ta, joriy yilda esa 1083 ta korxona jarimaga tortilgan.

Soliq maslahatchisi Gulnora Suyundikovaning aytishicha, soliq organlari savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini ichki hisob dasturlari sanaluvchi R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa tizimlardan foydalangani va ular nazorat-kassa mashinalari, ya’ni soliq organlari tizimi bilan integratsiya qilinmagani uchun jarimaga tortmoqda.

Savdo-sanoat palatasi prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi, unga ko‘ra, integratsiya qilmaganlik uchun Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha belgilangan 400 mlrd so‘m jarimalarni hisobdan chiqarish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu modda bo‘yicha jazolarni yengillashtirish rejalashtirilyapti.

Smart Group kompaniyalar guruhi (“Vinariba”, “Manas”, Steam bar, “Budilnik”, Green) va Jowi restoranlar tizimi asoschisi Sanjar Maqsudov soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashuv hali texnik jihatdan imkonsiz ekanini ta’kidladi. Soliq qo‘mitasi bilan integratsiyalashishga urinishlar bir yildan ortiq davom etmoqda, biroq hammasi texnik masalalarga bog‘liq, deya qo‘shimcha qildi u.

“Biz integratsiyadan manfaatdormiz, mamnuniyat bilan integratsiya qilishni xohlaymiz. Biroq texnik muammolar paydo bo‘lmoqda. Ehtimol, barcha texnik muammolarni hal qilib, keyin keskin choralarni qo‘llash yaxshiroq bo‘lardi”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Spot.

Biznes bilan uchrashuv

Dushanba kuni Savdo-sanoat palatasida chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hamda spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dastlab tadbirkorlar bilan Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjan Fayzibayev va Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Umidbek Safarov suhbatlashdi.

Keyinroq ularga Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxobovlar qo‘shildi.

Tadbirkorlar avtomatlashtirilgan hisob tizimlarini (R-Keeper, Jowi, iiko) soliq organlari tizimlari bilan integratsiyalamaganlik uchun jarimalar, shuningdek, “katta jarimalar” qo‘llanishidan shikoyat qildi.

Ular, shuningdek, ayrim hollarda Soliq kodeksining 227−1-moddasi asossiz qo‘llanganini ta’kidladi.

Alimjan FayzibayevAlimjan Fayzibayev

“Avval 227−1-modda bo‘yicha jarimaga tortilganlar. Bizda respublika bo‘yicha jarima summasi 400 mlrd so‘mdan ortiq [ni tashkil etadi]. Bugun Savdo-sanoat palatasi tomonidan 400 mlrd so‘mni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi PQ (prezident qarori) loyihasi taqdim etildi. Amnistiya”, — dedi zaldagi olqishlari sadosi ostida Alimjan Fayzibayev.

Unga ko‘ra, tashabbuskor Savdo-sanoat palatasi bo‘lib, Soliq qo‘mitasi taklifni qo‘llab-quvvatlagan.

Jarima miqdori bo‘yicha esa uni tushum (aylanma) miqdorining 100 foizidan 20 foizigacha kamaytirish, shuningdek, huquqbuzarliklarni tasniflash, qoidabuzarlikning og‘irligiga qarab moddaga qo‘shimcha moddalar kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi rahbarlari tadbirkorlardan muammolarni hal etish, murosa yo‘lini topish bo‘yicha o‘z takliflarini yuborishni so‘radi.

Hududiy soliq organlarining nazorat tadbirlari asosida qabul qilingan qarorlari yuzasidan kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun Telegram`da “Soliq tekshiruvi yuzasidan shikoyat” boti ishga tushirildi.

Yig‘ilish bo‘yicha batafsil material yaqin kunlarda “Gazeta.uz”da e’lon qilinadi.