Dushanba kuni kunduzi O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunning ikkinchi yarmida havo +8…+13 darajagacha isiydi, deya xabar bermoqda “O‘zgidromet” xizmati.

18-dekabr kuni shimoli-g‘arbiy hududlariga nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi.

19-dekabr kuni nam va nisbatan sovuq havo massasi O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Buxoro, Navoiy viloyatlarida faqat kechasi va ertalab biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Janubda va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

20−22-dekabr kunlari respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 20-dekabr, chorshanba kuni ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi saqlanib turadi.

19−21-dekabr kunlari davrida havo harorati kechalari −0…−5 darajagacha, shimolda −5…−10 darajagacha, kunduz kunlari −2…−7 darajagacha pasayadi, bu ushbu davr uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 2−3 darajaga pastdir.

22-dekabrdan harorat ko‘tarila boshlaydi, kunduz kunlari havo +7…+9 darajagacha isiydi. Havoning isishi keyingi dam olish kunlarida ham davom etadi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. 18−19-dekabr kunlari ayrim joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida dushanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat +9…+11 daraja bo‘ladi. Seshanba kuni vaqti-vaqti bilan biroz yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanishi mumkin. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 12−15 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi +1…+3 daraja, kunduzi +3…+5 daraja bo‘ladi.

20−22-dekabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechalari asosan −2…+1 daraja, kunduzi 20-dekabrda +3…+5 daraja bo‘ladi, 21−22-dekabrda +7…+9 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.