Namangan shahriga yangi hokim va viloyat hokimiga o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xalq deputatlari Namangan shahri kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Anvarjon Xojaxanovich Otaxodjayev shahar hokimi etib tayinlandi.

Anvarjon Otaxodjayev 1972-yilda Namanganda tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1994 va 2002-yillarda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

U 2019-yildan shu kunga qadar Chortoq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, shaharga shu paytgacha hokimlik qilib kelgan G‘ofurjon Djamalov Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib, Jamshid Muxtorovich Xatamov esa viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.