Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida noqonuniy ravishda elektr tarmog‘iga ulanib, mayning uskunasini o‘rnatib olgan shaxs aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

12-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1990-yilda tug‘ilgan X.A. tumanning “Kamolot” mahallasidagi noturar bino yerto‘lasida elektr tarmog‘iga yashirin ravishda ulangan holda 25 dona mayning uskunasini o‘rnatib olgani aniqlangan.

U noqonuniy ravishda davlat va jamiyat manfaatiga 2 mlrd 237 mln so‘m zarar yetkazgan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning o‘tgan davrida 58,2 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlash orqali mayning faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha 26 ta holat aniqlangani xabar qilingandi. Buning uchun 29 kishi o‘g‘rilikda ayblanib, protsessual tartibda ushlangan.