Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Nyu-Yorkdan Toshkentga uchayotgan samolyoti Sankt-Peterburg aeroportiga favqulodda qo‘nishi oqibatida 22,2 ming dollar zarar ko‘rdi, deya xabar bermoqda Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti matbuot xizmati.

11-dekabr kuni Nyu-Yorkdan Toshkentga uchgan Uzbekistan Airways samolyoti bortida yo‘lovchi zo‘ravonlik qilgani sababli Sankt-Peterburg aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, samolyot “Pulkovo” aeroportiga qo‘nishi oqibatida kompaniya 22 244 dollarga teng zarar ko‘rgan.

Departament ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida tug‘ilgan 32 yoshli fuqaro parvoz vaqti yonida bo‘lgan 1 litr spirtli ichimlikni ichib, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan, yo‘lovchilar tinchligini buzgan.

Mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.