Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatda logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, avtomobil ishlab chiqarish 3 barobar oshgani ta’kidlandi. Yil oxirigacha umumiy ishlab chiqarish 415 ming donaga yetishi kutilmoqda.

Sohada davlat monopoliyasini yo‘q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 3 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Bugun yurtimizdagi 8 ta zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda.

Sohada 2 mingdan ziyod korxona yaxlit kooperatsiya tarmog‘iga bog‘landi va 50 foiz mahalliylashtirish ta’minlandi. 2030-yilgacha mamlakatda yengil avtomobillar ishlab chiqarishni 1 million donaga yetkazish rejalashtirilgan.

“O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Rozuqulov. Foto: Prezident matbuot xizmati.“O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Rozuqulov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Biroq avtomobillarga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolmoqda. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida ham ichki, ham tashqi bozorda raqobat kuchaymoqda. Endi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati o‘zining modellarini kengaytirishi, sifatni oshirishi, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirishi va raqobat muhitida ishlashga o‘tishi zarur, dedi prezident.

Bugun dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari elektromobil ishlab chiqarishga o‘tayotganini ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev agar mahalliy korxonalar ushbu sohani o‘zlashtirib, zamon talabiga moslashmasa, kelajakda bozorda o‘rnini topishda qiyinchilikka duch kelishini ta’kidladi.

Kelgusi yilda O‘zbekistonda yiliga 10 mingta elektromobil ishlab chiqaradigan avtomobil zavodini ishga tushirish rejalashtirilgan. Prezident ular uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida joriy yilda 3,5 ming donadan ortiq texnika ishlab chiqarildi. 2030-yilga kelib bu hajmni yiliga 16 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri tashkil etildi. Uning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikani tashkil etadi. Biroq ularni sotish tizimi zamon talablariga javob bermayapti, deyiladi yig‘ilishda.

Prezident mahalliy texnika xaridini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, klaster va fermerlarni jalb etib, bu borada buyurtmalar shakllantirish zarurligini ta’kidladi va qo‘shimcha choralar belgilandi. Milliy traktorni mahalliylashtirish darajasini 35 foizga, osma texnika va tirkamalarni o‘rtacha 60 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.