Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev xizmat mashinasida tuman rahbarlari bilan “maxsus” videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Undan videolavha hokimlik matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Hokimlik rahbari gaz ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilib, bosim pasayib ketgan har bir tuman bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etishni so‘radi.

“Gazning (gaz ta’minoti korxonasi — tahr.) boshlig‘i eshityaptimi? Menga kechagi bosim qanday bo‘lgani va bugun qanchaga tushganini tumanbay yozib ber. Yarim soat vaqt senga, og‘ayni. Ertalab [bosim] pasaymaydi, deb aytding. Javob berasan, nega pasaytirding?” — dedi u.

”gaz,

Mahalliy rahbarlardan biri avariyaviy holat sodir bo‘lganda chiqadigan mashinalar yetishmayotganini aytdi. Tumanlarda, xususan, Bo‘kada faqat bitta “GAZel” borligini, unga qo‘shimcha ravishda Damas avtomashinalarini biriktirishni taklif qilindi. 20 ta tumanda brigadalar yoniga yetib borishi uchun qo‘shimcha mashinalar kerakligi ta’kidlandi.

“To‘ppa-to‘g‘ri. Kecha hokimlarga aytganman, kecha topshiriq olgansizlar. Qo‘shimcha avtokran, Damas, yana 5 tonnali yengil Isuzu mashinalarini biriktirish kerak, xususiylardan olib. Qayerda bor? Tuman, shahar hududidagi tashkilotlarda bordir, balki suv xo‘jaligida bordir. Men kecha avariya brigadalarini ikki hissaga ko‘paytirishni aytgandim, lekin odam ko‘paygani bilan mashina ko‘paymasa, brigada ishlamaydi”, — dedi hokim.

Boshqa bir rahbarning aytishicha, barcha metan “zapravka”larga ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilmoqda. Bundan tashqari, elektr ta’minoti korxonalariga ham huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ajratilgan.

Ma’lum qilinishicha, viloyatning 22 ta mahallasida gaz bosimi pasaygan, shundan 10 tasida bir-ikki kundan beri elektr ta’minoti yo‘q.

“Hokimlar, bilib qo‘yinglar, o‘tgan yili elektroset idorasiga odamlar kelib, to‘polon qilgan holatlar bo‘lgan. Sharmanda bo‘lmaylik. Elektrosetda avariya ko‘paysa, o‘sha yerga hokimning o‘zi borib o‘tirsin. Mahallada transformator portlasa, o‘rinbosarlaring borib o‘tirsin. Agar gaplashish uchun hech kim bo‘lmasa, odamlar yig‘iladi-da, elektrosetga boradi, gaz idorasiga boradi. Mahallalarning ro‘yxati bor-ku, borib o‘tiringlar”, — dedi Zoyir Mirzayev.

”gaz,

Hokim muammolarni “bugun-erta” hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. “Agar shuni qilmasanglar, bir yil aylanadi shu, Toshkent viloyatida mana shunaqa bo‘lgandi deydi. Lekin hech kimni kechirmayman, bilib qo‘y… Shuncha tayyorgarlik ko‘rib, bir-ikki kechaga chidolmasak, hammamiz xiyonat qilgan bo‘lamiz”, — dedi u.

Zoyir Mirzayevning fikricha, ko‘pincha rahbarlarning o‘zi ahvol jiddiy, ahvol og‘irlashibdi, deya ko‘p vahima qiladi. “Ikkita-uchtang kabinetda o‘tirvolib, ahvol jiddiy deb o‘tirish ketmaydi. Shunday deganlarning tilini kesib olish kerak. Ahvol G‘azo sektori va Ukrainada jiddiy. Shuni bilib ol baring. Qolgan joyda bartaraf qilsa bo‘ladi. Pashshadan fil yasama baring. O‘sha o‘zlaring bilgan xalq, borsang, yeb qo‘ymaydi. Xomligicha yemaydi, yesa ham, pishirguncha yetib boramiz biz”, — dedi u.

Viloyat hokimligi rahbari, shuningdek, mas’ullarni “shaxsan o‘zim boryapman” degan gaplardan voz kechish haqida ogohlantirdi. “Xo‘p, 6−8 ta maktabga borasiz, tumaningizda esa 50−60 ta maktab bor. Bunaqa gaplarning nima keragi bor, tushunmayman. Qolganlarning ishini ko‘rsatish kerak, qolganlarga ham sharoit berish kerak”, — dedi hokim.