Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishlayotgan 16 nafar ichimlik suvi ta’minoti xodimlariga naqd ko‘rinishda 4 million so‘mdan mukofot puli tarqatdi. Bu holat aks etgan video hokimning Telegram`dagi sahifasida e’lon qilindi.

Videoda ishchilar ko‘chalarning birida ta’mirlash ishlari olib borayotganini ko‘rish mumkin. Viloyat hokimi ular bilan suhbatlashayotgan vaqtda hokimlik xodimlari ishchilarga pul tarqatdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, tarqatilgan pullar homiylik mablag‘lari hisobidan bo‘lgan.

Hokimning kadrda ko‘rinmagan odam bilan ishchilarga kiyim olib berish haqida suhbatlashib, “Qancha kerak bo‘lsa olib beraman, issiq yursin bular” deganini eshitish mumkin.

Avvalroq Shuhrat Abdurahmonov Superliganing 17-turi doirasidagi “Andijon” — “Olimpik” (2:1) o‘yinidan keyin futbolchilar bilan uchrashib, gol muallifi Rubin Hebayga istalgan avtomashinasini tanlashini, qolgan futbolchilarga esa iPhone 14 smartfonlari berilishini va’da qilgandi.