Telegram`dagi Kurbanoff.net kanalida Samarqand viloyatida epidemiologik vaziyat bo‘yicha post qoldirildi. Unda 12-dekabrdan Samarqand xalqaro aeroportiga kutib olish va kuzatish maqsadida kirish cheklangani haqida xabarlar paydo bo‘lgani aytilgan.

“Biroz xavotirdamiz, chunki Toshkentda ta’mirlash ishlari tufayli cheklov kiritildi, ammo bu yerda (Samarqandda — tahr.) epidemiologik nimadir bor”, — deb yozilgan xabarda.

Samarqand xalqaro aeroporti o‘zining Instagram sahifasida cheklov bo‘yicha xabar qoldirgan, biroq bir muddat o‘tib, post olib tashlangan. Unda O‘zbekiston va xorijdagi epidemiologik vaziyat tufayli 12-dekabrdan aeroport terminaliga kirish kutib oluvchilar va kuzatib qo‘yuvchilar uchun cheklangani, hududga faqat uchib ketuvchilar kira olishi ko‘rsatilgan.

Instagram: samarkand.airportsInstagram: samarkand.airports

“Gazeta.uz” holatga aniqlik kiritish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati hamda Samarqand xalqaro aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasi bilan bog‘landi.

“Samarqand xalqaro aeroporti rasmiy sahifasida noto‘g‘ri ma’lumot chiqarib yuborilgan. Bu holatda hech qanday epidemiologik cheklov yo‘q. Ular (aeroport vakillari — tahr.) bu ma’lumot xato ekanini tan olib, e’lonni o‘chirishdi. Epidemiologik vaziyat barqaror. Bunday vaziyatlar bo‘yicha xabar berish vakolati bizning qo‘mitamizda”, — dedi qo‘mita axborot xizmati boshlig‘i Maftuna Saidova.

Air Marakanda kompaniyasi vakillarining aniqlik kiritishicha, terminalga kirish cheklanmagan, ochiq.

“Xavfsizlik choralari haqida hech qanday gap yo‘q. Biz mavsumiy gripp kuzatilayotgani uchun bunday cheklov haqida e’lon qilmoqchi edik, lekin vaziyat unchalik xavotirli bo‘lmagani uchun cheklov qo‘yilmadi. Aeroport odatdagi tartibda ishlayapti”, — deya ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda H3N2 (Gonkong) grippi bilan kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov so‘nggi haftada respublika aholisi o‘rtasida O‘RVI bilan kasallanish o‘tgan haftaga nisbatan 25,5 foizga, Toshkent shahrida 25,4 foizga kamayganini bildirdi.