Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “ko‘cha bolalari” va jinoiy guruhlar vakillari qanday qilib tovlamachilikni amalga oshirgani haqida gapirdi.

Uning aytishicha, reydlar davomida ushlanganlar qarzdor fuqarolardan qo‘rqitish yo‘li orqali qo‘shimcha pul undirishgan. Shuningdek, bir necha katta-katta korxonalardan ulush olib yurganlari haqida ma’lumotlar ham bor.

“Deylik, siz yaxshi faoliyat yuritayotgan, ko‘zga tushgan tadbirkorsiz. Siz o‘rganilasiz, nozik joyingiz topiladi. Qo‘pol qilib aytganda, ikkinchi ayolingiz yoki boshqa qandaydir zaif tomoningiz bordir, balki. Shu bilan sizni chaqirib, siquvga olishadi. Shuncha daromad topar ekansan, menga shuncha pul berasan, bermasang, ertaga seni u qilaman, bu qilaman deb qo‘rqitishadi. Pulni bermasangiz, yana chaqiradi, atrofidagi sportsmenlar bilan urib, do‘pposlaydi va bu oxirgi ogohlantirish ekanini aytadi. Tadbirkor esa tinchlik kerak deb, so‘ragan pulini olib kelib beradi. Ular bir necha katta-katta korxonalardan ulush olib yurganlari haqida ma’lumotlar ham bor. [Ular ustida] ishlayapmiz”, — dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

Poytaxt IIBB vakili aslida boshqarma xodimlari shug‘ullanishi kerak bo‘lgan ishlarni ular o‘ziga olgani, ya’ni davlatning funksiyasini o‘zlariga olib olishganini ta’kidladi.

“Keyin, qarzdorlik masalasi. Aytaylik, bir fuqaro tadbirkorlik qilaman deb boshqa fuqarodan 1 mln dollar qarz bo‘lib qolgan. [Lekin] o‘ziga yarasha ishi o‘xshamay qolgan. Bular davlatni funksiyasini o‘ziga olyaptida, arz qilishganidan keyin qarzdor odamni chaqiryaptida, „mana senga ikki oy vaqt, pulni 1 mln emas, 1 mln 200 ming qilib olib kelasan, bo‘lmasa, u-bu bo‘ladi“, deb kuch ishlatib, qo‘rqitishyapti. Bir tadbirkorni qulog‘i ostiga urib, quloq pardasini yorib, shu ishga majburlagan. Shunday metodlarni ishlatishgan”, — dedi u.

“Biz bunday urib emas, qonuniy olib berolamiz, vaqt cho‘ziladi, shuning uchun odamlar ularga ishonishyapti. Ularniki tez bitadida”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq Doniyor Toshxo‘jayev boshqarmada jinoiy faoliyatda gumon qilinib, qo‘lga olingan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli dalillar mavjudligini aytgandi. U qo‘lga olingan shaxslardan jabrlangan fuqarolarni “qo‘rqmaslikka” va ariza berishga chaqirdi.