11-dekabr kuni tushdan keyin Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri tibbiyot birlashmasida muassasa bosh shifokori vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.X. pichoqlandi. Bu haqda tibbiyot birlashmasi xodimi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh shifokor soat 15:25 atrofida tug‘uruq bo‘limi oldida turgan vaqtda bemorning turmush o‘rtog‘i — shu shaharda yashovchi erkak mashinasini shifoxona hududida katta tezlikda haydab, tug‘uruq bo‘limi oldida to‘xtagan.

Bosh shifokor erkakka tibbiy muassasa hududida tezlikni oshirgani uchun e’tiroz bildirgan. “Ular o‘zaro gap talashib ketdi. Bosh shifokor erkakning yuz qismiga boshi bilan zarba berdi, oqibatda erkakning qosh sohasi yirtildi. Erkak esa cho‘ntagidan pichoqni olib, shifokorning ko‘krak qafasiga ikki marta zarba berdi”, — deydi xodim.

Pichoqlangan bosh shifokor tez yordam bo‘limi tomon yugurgan, bemorning eri esa yana zarba berishga urinib, uni quvlagan. Erkakni tibbiyot muassasasi xo‘jalik mudiri to‘xtatib qolgan.

Hozirda bosh shifokorning ahvoli stabil og‘ir, unda jarrohlik amaliyoti olib borilgan va reanimatsiyada davolanmoqda. Bemorning turmush o‘rtog‘iga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.