10-dekabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 50-sonli avtobus hali yo‘lovchilar unga chiqib ulgurmasidan harakatlanishni boshladi. “Toshshahartransxizmat” holat yuzasidan munosabat bildirdi.

MAN rusumli avtobus “Yunusobod mavzesi 9 dahasi — Chingeldi mahallasi” yo‘nalishida harakatlanayotgan bo‘lgan. Haydovchi Sh. B. Qorasuv mavzesidagi “Universam bekati”da yo‘lovchilarni to‘liq tushirib-chiqarib bo‘lmasdan, harakatlanishni boshlab yuborgan.

Shu paytda hali avtobusga chiqib ulgurmagan yo‘lovchi T.M. yiqilib tushib, jarohat olgan.

“YTH sodir bo‘lgan joyga tez tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, RSHTTYOMga olib borilgan va birinchi tez-tibbiy yordam ko‘rsatilib, tashxis qilingan. Yo‘lovchi yuz qismi peshanasidan yengil jarohat olgani hamda o‘ng qo‘li singani aniqlandi”, — deyiladi xabarda.

Holat shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, dastlabki tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.