Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi islohoti bo‘yicha bahs va tortishuvlarni to‘xtatib, ayrim o‘zgarishlarni joriy etish zarurligini aytdi. U bu haqda 11−12-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan jadidchilik harakati va g‘oyalariga bag‘ishlangan konferensiyada gapirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Saida Mirziyoyeva tadbir avvalida nutq so‘zlarkan, zalda o‘tirganlarga taqdimotda ko‘rsatilgan “O‘zbekiston” nomlaridan qaysi biri to‘g‘ri yozilgani haqidagi savol bilan yuzlandi. U butun boshli davlat va millatning nomi turli joylarda har xil va noto‘g‘ri yozilishini, shuning uchun ham buni tuzatish zarur ekanini ta’kidladi.

alifbo islohoti, саида мирзиёеva
Foto: Telegram / @AsanovEldar.

“Chunki gap bizning millatimiz, g‘ururimiz, yurtimiz nomi haqida ketyapti. To‘g‘ri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, ko‘zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta’kidlayman, gap vatan va millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur, deb hisoblayman”, — dedi davlat rahbari yordamchisi.

U nutqi davomida tarixda yo‘l qo‘yilgan bu xatolarni tuzatish uchun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit borligini va bir musht bo‘lib harakat qilish kerakligini qayd etdi.

“Biz o‘tmishda juda ko‘p xatolar qildik, yurt ravnaqi, millat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilganlarni xor qildik, ziyolilarni, jadidlarni qirib, o‘qituvchilarni qulga aylantirdik. Tarixda yo‘l qo‘yilgan bu xatolar hali uzoq vaqt o‘z ta’sirini ko‘rsatsa kerak, menimcha. Lekin bir narsa aniq: ushbu xatolarni tuzatish uchun bugun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit bor. Agar biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy bersak, umumiy g‘oyalar atrofida birlashmasak, oddiygina qilib aytganda, bir kuch, bir musht bo‘lib harakat qilmasak, kelajak bizni kechirmaydi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, ushbu konferensiya Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O‘zFA va Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligida o‘tmoqda. Unda AQSh, Yaponiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan tadqiqotchi va olimlar ishtirok etishi kutilyapti.

Eslatib o‘tamiz, bundan 2 yil muqaddam lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilikka e’lon qilingandi. Taklifda bir necha harflarni o‘zgartirish, alifboni qulaylashtirish masalasi ilgari surilgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov barcha vazirliklar, idoralar va tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent va viloyatlar hokimliklariga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan. Oldinroq ushbu vazifani 2022-yil dekabriga qadar bajarish ko‘zlangan edi.