Shavkat Mirziyoyev 11−12-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari jadidchilikni “noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen” deb atab, uning fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

“Barchamizga ayonki, „Tilda, fikrda, ishda birlik“ degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishning asosiy yo‘li — bilim va ma’rifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar”, — dedi prezident.

U o‘z nutqida har yili 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanayotgani, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy bo‘limlari faoliyat olib borayotganini qayd etdi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi tarixiy maskanda Jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilayotganini qo‘shimcha qildi.

Prezident har yili avgust oyini “Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi” sifatida o‘tkazish, fidoyi vatandoshlar va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanayotganini ma’lum qildi.

Mahalla idoralarida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni hamda jadidlar hayoti va faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlash rejalashtirilgani aytib o‘tildi.

“Ushbu muhim mavzuda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun maqsadli grantlar e’lon qilish, yangi badiiy va publitsistik asarlar yaratish, xorijiy ilm-fan markazlari, fondlar va muzeylar, kutubxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Prezident tarixchi olim, AQShdagi Michigan universiteti professori, o‘zbekistonlik Temur Xo‘ja o‘g‘liga mamlakat tarixi, jumladan, jadidlar merosi bilan bog‘liq hujjatlarni O‘zbekistonga taqdim etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.