Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 11-dekabrdan boshlab Ai-80 va Ai-92 benzinlarining umumiy ishlab chiqarish hajmini kuniga 1000 tonnagacha oshiradi. Bu haqda zavodning axborot xizmati xabar qildi.

“Avtomobil dvigatellari yuqori sifatli va sovuqqa chidamli yoqilg‘i talab qiladigan palla — qish mavsumida yoqilg‘iga tobora ortib borayotgan talabga javoban ana shunday strategik qaror qabul qilindi”, — deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi yoqilg‘i bozorida barqaror taklifni ta’minlab, zavodga qish mavsumida iste’molchilar talabini samarali qondirish imkonini beradi.

Saneg kompaniyasi bosh direktorining neftni qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Habib Latipov benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya doirasidagi yangi texnologik yechimlar samarasi bo‘lib, aholini arzon yoqilg‘i bilan ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.

“Bugungi kunda zavod texnologik jarayonlarning yangi bosqichiga chiqmoqda, uskunalarning optimal ish parametrlarini belgilamoqda. Benzin ishlab chiqarish hajmining o‘sishi ham erkin bozor narxini shakllantirishga xizmat qiladi”, — dedi Latipov.

Eslatib o‘tamiz, oktabr va noyabr oyining boshlarida O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Toshkentda Ai-92 va Ai-95 sotiladigan yoqilg‘i quyish shoxobchalarini topishdagi muammolar tufayli aholi Qozog‘istonga ketayotgani haqida xabar berishdi. Shu fonda Rossiyaning “Lukoyl” yoqilg‘i quyish shoxobchasida Ai-95 narxi 14,5 ming so‘mdan 18,5 ming so‘mga ko‘tarildi. Ba’zi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Belarusning Ai-95 benzini paydo bo‘ldi.

Shuningdek, oktabr oyi boshida imzolangan kelishuvlarga ko‘ra, Rossiyadan jami 371 ming tonna benzin import qilinishi rejalashtirilgan.